20, 30, 40 va 50 yoshda saraton bilan xastalanmaslik uchun nima qilish kerak (1-qism)

Total
0
Shares

Saratonni erta davrida qanday aniqlash mumkin, qayerga murojaat qilish va saraton xavfini oldini olish uchun qanday ehtiyot choralarini ko‘rish kerak? Bu haqda shifokorlar ma‘lumot beradilar.

Ekspertlar:

David Zaridze, tibbiyot fanlari doktori, professor, Rossiya tibbiyot fanlari akademiyasi aʼzosi, N.N. Bloxin nomidagi Rossiya onkologik ilmiy markazi direktor o‘rinbosari;

Mixail Laskov, tibbiyot fanlari nomzodi, onkolog, Yevropa tibbiyot markazining Onkologiya va gematologiya klinikasi gematologi.

Yosh tana

O‘ttiz yoshlardagi erkak tanasida xavfli o‘simtaning paydo bo‘lish ehtimoli qanday darajada? Bir qaraganda bundanda dahshatliroq muammolar ham bo‘ladi: Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining bergan maʼlumotlariga ko‘ra 2011 yilda Rossiyada 30 dan 34 yoshgacha bo‘lgan erkaklarning 0,042 % iga onkologik tashxis qo‘yilgan. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, Moskva yaqinidagi Sergiyev shaharchasida (aholisi yuz mingdan oshadigan hudud) 42 ta erkak o‘zining eng gullagan davrida tanasidagi xavfli o‘simtadan aziyat chekmoqda. Bizdagi 30 yoshli erkaklarning tibbiy chora-tadbirlarga qanday munosabatda ekanidan kelib chiqib aytish mumkinki, tashxis qo‘yilmasdan, xavfli o‘simta bilan yashab yurganlar ham talaygina. Ular orasida bo‘lsangiz, vazirlikning statistikasi unchalik ham xavfsiz bo‘lib ko‘rinmaydi. Shu yerda qayd etib o‘tish kerakki, Rossiyada o‘lim darajasi bo‘yicha saraton kasalligi (barcha o‘limlarning 15%ini tashkil qiladi) yurak qon-tomir kasalliklaridan (56%) keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. Aytgancha, xavfli o‘simtalar bilan bog‘liq o‘lim darajasi dunyo miqyosida ham shunga yaqin holatda.

Qancha erta aniqlansa, shuncha uzoq yashash mumkin

Ushbu 15 % odamlardan biri bo‘lmaslik uchun nima qilish kerak? Avvalo, ehtiyot chorasi sifatida noto‘g‘ri turmush tarzini sog‘lom turmush tarziga o‘zgartirish lozim. JSST maʼlumotlariga ko‘ra, onkologik kasalliklar tufayli yuzaga keladigan o‘lim holatlarining 20%i chekish tufayli yuzaga keladi. Yana 10 % o‘lim holatiga ortiqcha vazn, kamharakatlik turmush tarzi, ichkilik ichish, parhezlar, taomnomada hayvon yog‘larining ko‘p (meva va sabzavotlar ulushining kam) bo‘lishi, shuningdek, katta shaharlardagi havoning ifloslanishi sabab bo‘lmoqda ekan.

Ikkinchidan, dunyo tajribasi, shuningdek, Rossiya tajribasi shuni ko‘rsatadiki: agar sizda o‘simta paydo bo‘lgan bo‘lsa, uning sog‘liq uchun kamroq zarar berishiga erishish uchun kasallikni iloji boricha erta bosqichlarida aniqlash lozim. Ammo qiyin joyi shundaki, bu ishni amalga oshirish oson emas. Aksariyat o‘simtalarni davolashga kirishilmasa, dastlabki va so‘nggi rivojlanish bosqichlaridan o‘tib, o‘lim holatiga yetib kelishi uchun o‘rtacha 900 kun kerak bo‘ladi. Bu vaqt ichida xavfli to‘qima kichkinagina bo‘lakdan yarim kilogrammli parchaga aylanadi, bunda boshlang‘ich bosqich juda kam davom etadi (3–6 oylar) va aynan shu bosqichda o‘simtani aniqlash juda mushkul. U hayotiy muhim aʼzolarni siqishtirib kuchli og‘riqni yuzaga keltirish yoki o‘zining mavjudligi bilan zarar berish uchun juda kichiklik qiladi.

Shunga qaramay, onkologik kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash mumkin, buning uchun o‘simtaning potensial qurbonlari dushman xususiyatlarini yaxshi bilishlari kerak. Kasallikni erta bosqichda aniqlashga ko‘proq eʼtibor qaratiladigan mamlakatlar, masalan AQSHda o‘rtacha besh yil yashash (yaʼni xavfli o‘simta aniqlanganidan keyin besh yil yashash imkoniyatiga ega bo‘lganlar) darajasi 70% ga yetgan (amerika onkologik jamiyati statistikasi), qiyoslash uchun: Rossiyada bu ko‘rsatkich 50%dan oshmaydi (N.N. Bloxin nomidagi ROIM maʼlumotlariga ko‘ra). O‘z imkoniyatlaringizni oshirishni istaysizmi? Rossiyalik 20 dan 59 yoshgacha bo‘lgan erkaklar orasida keng tarqalgan 10 ta eng xavfli o‘simtalar haqida o‘qib chiqing. Ushbu ma‘lumot sizga xavfli o‘simta yuzaga kelgan holatda uni iloji boricha ertaroq bilish imkonini beradi, shifokoringiz esa kasallikni ertaroq bosqichda aniqlashi va uni mag‘lub qilishi mumkin bo‘ladi.

To‘g‘ri atamani qo‘llang

Barcha onkologik kasalliklarni saraton deyish mumkin, ammo Rossiya tibbiyotida epiteliy hujayralaridan rivojlanadigan xavfli o‘simtalarnigina saraton deb atash joriy bo‘lgan. Bunda, masalan, limfatik to‘qimadan paydo bo‘ladigan o‘simtalar limfofa, suyak va mushaklarni biriktiruvchi to‘qimalardan paydo bo‘ladigan o‘simtalar sarkoma deb ataladi.

Yoshligingizdan hayotingizni asrang

Biz 20, 30, 40 va 50 yoshdagi insonlarda keng tarqalgan o‘simtalar ro‘yxatini tuzib chiqdik. Aksariyat o‘simtalarning paydo bo‘lish ehtimoli yosh o‘tgan sari kattalashib boraveradi, shuning uchun ham har o‘n yillikda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan potensial xavfli shishlar to‘g‘risida unutmaslik lozim.

Limfogranulematoz

Uni Xojkin limfofasi ham deb ataladi. Odatda 25-30 yoshlarda paydo bo‘lishi bilan tanilgan. Bu holatda saraton hujayralari aniq bir aʼzoda emas, limfa tugunlarini kattalashishiga olib kelgan holda limfatik tizimda ko‘paya boshlaydi. Bu asosan ko‘krak qafasi limfa tizimida kuzatiladi. Bunday o‘simta biron aʼzoda yoki uning yaqinida paydo bo‘lsa, uni siqib qo‘yadi va faoliyatini buzilishiga olib keladi. Bundan tashqari, limfoma taloq, jigar, o‘pka va ilik suyagiga o‘tib rivojlanadi.

Yashab qolish imkoniyati*:

Erta bosqichda — 91 %.

So‘nggi bosqichda — 73 %.

*Xavfli o‘simtalarning turli bosqichlardagi yashab qolish imkoniyati bo‘yicha Rossiyadagi holat bo‘yicha ma‘lumot yo‘q, shuning uchun biz AQSH Milliy onkologik instituti maʼlumotlaridan foydalanimiz.

Xavf omillari: kasallik yuzaga kelishining aniq sabablari nomaʼlum, ammo infeksion mononukleozni boshdan kechirgan insonlarda limfogranulematozaning yuzaga kelish xavfi yuqori bo‘ladi.

Qanday aniqlanadi: o‘mrov suyagi yuqorisida yoki bo‘yinda limfa tugunlarining og‘riqsiz yumshoq shishi yuzaga keladi, bunda bemor o‘zini yaxshi his qiladi va salomatligidan shikoyati bo‘lmaydi. Ichkilik ichgandan keyin og‘riq yuzaga keladi. Limfa tugunlarini kattalashishiga boshqa kasalliklar, masalan, angina ham sabab bo‘lishi mumkin. Ammo bu holatda ichgan yoki ichmagan taqdiringizda ham ularga tegsangiz shish qalin va og‘riqli bo‘ladi.

Muhim: limfa tugunlarining kattalashishi boshqa ko‘plab kasalliklarda ham yuzaga kelishi mumkin. Agar o‘zingizda shu holatni sezsangiz darhol shifokorga murojaat qiling.

Kimga murojaat qilish kerak: gematolog, xirurg.

Moyaklar saratoni

Moyak kanallarini ichki tomondan qoplab turuvchi to‘qimalarni jarohatlaydi. Bu spermatozoidni ishlab chiqaruvchi to‘qimalardir. So‘nggi bosqichlarda chov sohasidagi limfa tugunlari, jigar, miya va suyaklarda metastaz yuz beradi.

Yashab qolish imkoniyati:

Erta bosqichda — 99 %.

So‘nggi bosqichda — 73 %.

Xavf omillari: moyakning moyak xaltasiga tushmaganligi ushbu kasallikning yuzaga kelish ehtimolini 20–40 martaga oshiradi. Jarohatlar ham saraton xavfini yuzaga keltirishi mumkin, ammo aynan qaysi jarohatlar ekani aniqlanmagan.

Qanday aniqlanadi: har doim moyaklarni tekshirib turing va agar ularda og‘riqsiz qattiq tugunni sezsangiz darhol shifokorga murojaat qiling.

Kimga murojaat qilish kerak: onkolog shifokorga.

Miya o‘simtasi

Aksariyat hollarda bu yordamchi nerv to‘qimalarining kattalashishi bilan kechadi. Miya bosh suyagining ichida cheklangan hajmda joylashgan bo‘ladi, shish paydo bo‘lganidan keyin u siqiladi va yomon ishlay boshlaydi. Boshqa aʼzolarda metastaz holati kamdan kam hollarda yuz beradi.

Yashab qolish imkoniyati:

Erta bosqichda — 65 %.

So‘nggi bosqichda — 17%.

Xavf omillari: aniqlanmagan.

Qanday aniqlanadi: bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, harakat susayishi, miya qobig‘ining har qanday faoliyatini buzilishi — terining sezgi xususiyati yo‘qolishidan boshlab aqliy faoliyatning buzilishigacha. O‘simta miyani tomografiya qilish orqali aniqlanadi.

Kimga murojaat qilish kerak: nevrologga.

Melanoma

Asosan terida xavfli o‘smaning yuzaga kelishi. Kasallik teridagi uncha katta bo‘lmagan nuqtadan boshlansada, saratonning bu turi eng xavfli hisoblanadi. Melanomada metastaz tez orada jigar, o‘pka, suyaklar va bosh miyani jarohatlaydi. Gap shundaki, o‘simta hujayralari organizmga osongina yo‘l topadi va deyarli barcha to‘qimalarga osongina kirib borib metastazni yuzaga keltiradi.

Yashab qolish imkoniyati:

Erta bosqichda — 91 %.

So‘nggi bosqichda — 15%.

Xavf omillari: ultrabinafsha nurlanishning haddan ortib ketishi, bunda nurlarning tabiiy yoki sunʼiy ekanining ahamiyati yo‘q. Bundan tashqari, melanoma xavfi qizg‘ish, sarg‘ish, moviy ko‘zli, katta xoli bor yoki umuman xoli ko‘p insonlarda yuqori bo‘ladi.

Qanday aniqlanadi: xollar bilan yuz beradigan har qanday o‘zgarishlar — rangi, o‘lchami o‘zgarishi, soch to‘kilishi, yaralar paydo bo‘lishi.

Kimga murojaat qilish kerak: dermatologga.

Davomi bor…..

Manba: mhealth.ru

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.