20, 30, 40 va 50 yoshda saraton bilan xastalanmaslik uchun nima qilish kerak (2-qism)

Total
0
Shares

Saratonni erta davrida qanday aniqlash mumkin, qayerga murojaat qilish va saraton xavfini oldini olish uchun qanday ehtiyot choralarini ko‘rish kerak? Bu haqda shifokorlar ma‘lumot beradilar.

Ekspertlar:

David Zaridze, tibbiyot fanlari doktori, professor, Rossiya tibbiyot fanlari akademiyasi aʼzosi, N.N. Bloxin nomidagi Rossiya onkologik ilmiy markazi direktor o‘rinbosari;

Mixail Laskov, tibbiyot fanlari nomzodi, onkolog, Yevropa tibbiyot markazining Onkologiya va gematologiya klinikasi gematologi.

Bosqichlar

Boshlang‘ich bosqich eng xavfsiz hisoblanadi. Qoidaga ko‘ra, shish o‘zi paydo bo‘lgan organ ichkarisida joylashgan bo‘ladi, metastaz ro‘y bermaydi yoki minimal darajada bo‘ladi. Ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi o‘simtalar atrofdagi organlarda paydo bo‘ladi yoki faol metastaz sodir bo‘ladi. Bundan tashqari nechanchi bosqich ekaniga qarab o‘simta hujayrasining o‘zi shakllangan to‘qima hujayrasiga o‘xshamasligini taxmin qilish mumkin. Qo‘pol qilib aytganda, o‘xshashlik qancha kam bo‘lsa, o‘simtaning xavflilik darajasi ham kamroq bo‘ladi.

Yo‘g‘on ichak saratoni

O‘simta hujayralari odatda polipoz deb ataladigan kasallik holatida yo‘g‘on ichakning ichki devorlarida joylashgan polip to‘qimalaridan paydo bo‘ladi. Ushbu saraton turida jigar, o‘pka va suyaklarda metastaz ro‘y beradi.

Yashab qolish imkoniyati:

Erta bosqichda — 90 %.

So‘nggi bosqichda — 12%.

Xavf omillari: ushbu kasallikning hayvon yog‘lari va oqsillarini isteʼmol qilishga odatlangan kishilarda yuzaga kelish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Hayvon yog‘lari va oqsili ichakda kanserogen xususiyatga ega moddalarga parchalandi. Bundan tashqari, kam harakat va kletchatkalarga boy taomlarni isteʼmol qilishdan bosh tortadigan kishilarda kasallikning paydo bo‘lish xavfi yuqori bo‘ladi.

Qanday aniqlanadi: boshqa saraton turlari kabi yo‘g‘on ichak saratoni ham boshlang‘ich davrlarda o‘zini namoyon etmaydi. Ushbu kasallikda axlatda albatta qon bo‘lishi to‘g‘risidagi fikr esa mutlaqo asosga ega emas. Kasallik holatida axlatda qon bo‘ladi, ammo boshlang‘ich bosqichda u juda kam miqdorda bo‘lib, faqat mikroskop orqali ko‘rish mumkin bo‘ladi. Yo‘g‘on ichak saratonini tashxislashning eng samarali usuli har 3–5 yilda kolonoskopiya tekshiruvidan o‘tib turishdir.

Kimga murojaat qilish kerak: gastroenterologga.

Oshqozon saratoni

O‘simta oshqozon devorida paydo bo‘ladi va tez orada qo‘shni limfatugunlarida metastaz ro‘y beradi, shuningdek, kasallik boshqa organlar, jumladan, qizilo‘ngach, jigar, oshqozon osti bezi va o‘pkaga tarqaladi.

Yashab qolish imkoniyati:

Erta bosqichda — 71 %.

So‘nggi bosqichda — 4%.

Xavf omillari: noto‘g‘ri ovqatlanish, tuzlangan va dudlangan mahsulotlar, ortiqcha kraxmalga ega (kartoshka kabi) yeguliklar, shuningdek kuchli spirtli ichimliklarni ko‘p isteʼmol qilish. Bundan tashqari, oshqozon saratonining yuzaga kelishi nasliy xususiyatga ham bog‘liq bo‘ladi, shuningdek, ushbu kasallikning rivojlanishi gastrit va oshqozon yarasi kabilarda yuqori ehtimolga ega bo‘ladi.

Qanday aniqlanadi: oxirgi bosqichlarda ovqat hazm qilish tizimi yaxshi ishlamaydi, qorinda kuchli og‘riqlar va shishish holati, shuningdek, intoksikatsiya kuzatiladi. Boshlang‘ich shaklida belgilar zaifroq bo‘ladi, shuning uchun ham ularni osongina ovqatdan zaharlanish yoki gastrit bilan adashtirish mumkin. Agar bu saratondan qo‘rqsangiz 1-2 yilda bir marta gastroskopiya tekshiruvidan o‘tib turing. Bundan tashqari, birdan ozib ketsangiz, ishtaha yo‘qolib, qoringizda noodatiy kuchli og‘riqlarni his qila boshlasangiz xavotirga tushaverishingiz mumkin.

Kimga murojaat qilish kerak: gastroenterologga.

O‘pka saratoni

Odatda o‘simta bronxlarda rivojlanadi. Qo‘rqinchli joyi shundaki, odatda kasallik qo‘shni organlarni zararlamagunicha o‘zini namoyon etmaydi. Shunday qilib, o‘simtani yengish imkoni ancha kamayganida uning belgilari yuzaga chiqa boshlaydi. Qo‘shni organlar, suyaklar va bosh miyada metastaz ro‘y beradi.

Yashab qolish imkoniyati:

Erta bosqichda — 54 %.

So‘nggi bosqichda — 4%.

Xavf omillari: 80 % holatda o‘pka saratonining yuzaga kelishiga chekish sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, shaharlardagi havoning ifloslanish omili ham kasallikni tug‘diruvchi sabablardan biri bo‘lishi mumkin, ammo havoning ulushi tamaki tutuninikiga nisbatan kamroq bo‘ladi.

Qanday aniqlanadi: ushbu kasallik o‘ta yashirin kechadi, doimiy tarzda balg‘amni tekshirish va flyurografiya o‘tkazish kabi xavf guruhlarda skrining ishlari olib borilishiga qaramay o‘simtani boshlang‘ich bosqichda aniqlash ko‘p hollarda mumkin bo‘lmaydi. Agar siz tamaki cheksangiz har 3–5 yilda ko‘krak qafasini tomografiya qildirib natijani onkologga ko‘rsating. Bronxdagi shishni aniqlashning yana bir usuli — fibrobronxoskopiya endoskopik tahlilidir.

Kimga murojaat qilish kerak: pulmonologga.

Buyrak saratoni

Ko‘p hollarda peshob paydo bo‘ladigan kanal to‘qimalarida shakllanadi. Ikkinchi buyrakda, buyrak usti bezi, jigar, o‘pka, bosh miya, bosh miya suyagi, umurtqa va tos suyaklarida metastaz ro‘y beradi.

Yashab qolish imkoniyati:

Erta bosqichda — 90 %.

So‘nggi bosqichda — 11%.

Xavf omillari: chekish, ichish, semirish, nasliy omil, analgetiklar va peshob haydovchi vositalarni tartibsiz ravishda qabul qilish.

Qanday aniqlanadi: dastlabki bosqichlarda belgilar bo‘lmaydi. 25–40 % holatlarda profilaktika maqsadida o‘tkazilgan UTT yoki kompyuter tomografiyasi tekshiruvida tasodifan aniqlanishi mumkin. Odatda yuzaga keladigan kasallikka xos xususiyat peshobda qon paydo bo‘lishidir.

Kimga murojaat qilish kerak: urologga.

Siydik qopi saratoni

O‘simta odatda siydik pufagi ichida shakllanadi. Dastlabki belgilar so‘nggi bosqichlarda namoyon bo‘ladi, bunda saraton siydik qopi devorlariga tarqab ketgan yoki kattalashgan o‘simtadan qon ketayotgan bo‘ladi. Ushbu kasallikda o‘pka, jigar va suyaklarda metastaz ro‘y beradi.

Yashab qolish imkoniyati:

Erta bosqichda — 98 %.

So‘nggi bosqichda — 6%.

Xavf omillari: kashandalik, shamollash jarayonlari (sistit), siydik qopi papillomasi

Qanday aniqlanadi: peshobda qon paydo bo‘lishi ushbu kasallikning belgisi hisoblanadi, ammo bu belgi paydo bo‘lganida kasallik allaqachon so‘nggi bosqichga yetib kelgan bo‘ladi. Dastlabki bosqichda kasallik belgilari namoyon bo‘lmaydi, o‘simtani kolonoskopiyaning muqobili sitoskopiya vositasida aniqlash mumkin. Bunda tahlil orqa teshik orqali emas, uretra orqali amalga oshiriladi.

Kimga murojaat qilish kerak: urologga.

Prostata bezi saratoni

O‘simta prostata bezining ichkarisida shakllanadi. O‘simta aʼzoning qobig‘idan o‘tib qo‘shni to‘qimalarga o‘tadi, peshob chiqarish kanali va siydik qopi bo‘yinga tarqaladi. Metastaz tufayli tos, umurtqa, son va umurtqa suyaklari zararlanadi.

Yashab qolish imkoniyati:

Erta bosqichda — 100 %.

So‘nggi bosqichda — 30%.

Xavf omillari: nasliy omil.

Qanday aniqlash mumkin: dastlabki bosqichlarda belgilar kuzatilmaydi, o‘simta bez yuzasiga yaqin joyda shakllangan bo‘lsa uni aniqlash mumkin. Shifokor masalan profilaktik ko‘rik vaqtida uni qo‘li bilan paypaslab aniqlashi mumkin bo‘ladi. Bez o‘rtasida joylashgan o‘simtani bunday yo‘l bilan aniqlab bo‘lmaydi. Saraton bez qobig‘idan o‘tib boshqa aʼzolarda metastaz ro‘y bersa, quyidagi belgilar namoyon bo‘ladi: peshobda qon kuzatiladi, peshob chiqarishda qiyinchilik bo‘ladi, belning quyi qismi va tos sohasida og‘riq yuzaga keladi.

Kimga murojaat qilish kerak: urologga.

O‘limga sabab bo‘ladigan xavfli o‘simtalar

1. Jigar saratoni

Odatda jigarning surunkali kasalliklari bilan birga rivojlanadi va ularning niqobi ostida yashirin kechadi. Odatda saratondan avval yuzaga keladigan xastalik jigar serrozidir. Besh yilgacha yashash imkoniyati bir foizga ham yetmaydi.

2. Oshqozon osti bezi saratoni

O‘n ikki barmoqli ichakda tarqalguncha yoki jigarda metastaz ro‘y berguncha kasallik o‘zini namoyon qilmaydi. Aksariyat hollarda bemorlar tashxis qo‘yilgach birinchi yili vafot etadilar. Besh yilgacha yashash imkoniyati 10 % dan oshmaydi.

3. Qizilo‘ngach saratoni

Ushbu saraton turini davolash qiyin bo‘lib, ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘ining boshqa aʼzolarida tez tarqaladi. Har qanday bosqichda besh yil yashash imkoniyati 16 % dan oshmaydi. Davolanmasa bemorlar bir yil davomida vafot etadilar.

O‘simta belgilari

Bugungi kunda o‘simtalarni aniqlashda foydalaniladigan 10 ta o‘ziga xos moddalar maʼlum. Afsuski, tanada xavfli o‘simtalar rivojlanayotganini aniq ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ushbu moddalarni aniqlab beruvchi maxsus tekshiruv usuli ishlab chiqilmagan. O‘simta belgilari tahlili hozirda davolangan yoki davolanayotgan bemorlarda o‘smaning qaytalanishini nazorat qilish uchun qo‘llaniladi.

Manba: mhealth.ru

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.