Doimiy tarzda sport bilan shug‘ullanishga odatlanishning 10 usuli

Total
0
Shares

Ushbu usullarni qo‘llab ko‘ring, shunda o‘zingizni sport bilan shug‘ullanish uchun majburlashingizga hojat qolmaydi.

1. O‘zingiz sevgan sportni tanlang

Men bir haftada uch marta sport bilan shug‘ullanaman va faqat kasal bo‘lib qolsamgina mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuboraman. O‘ng qo‘limdagi jimjilog‘imni sindirib olganimda ham trenajyor zaliga borishda davom etganman: shtanga uchun mo‘ljallangan maxsus tasmadan foydalanib tortilish mashqini bajarganman, yana bir qo‘lda byorpi mashqini qilganman (bunga nima deysiz!).

Men professional sportchi emasman, sport musobaqasiga ham tayyorlanmayman va hech qachon o‘zimni “kerak” bo‘lgani uchun zalga borishga majburlamayman. Men shunchaki krosfitni yoqtiraman va ishtiyoq bilan mashg‘ulotlarga yo‘l olaman. Ammo bu krosfit juda yaxshi va u sizni sportni sevishga majbur qiladi, degani emas. Aksincha, krosfit ko‘pchilikni qo‘rqitadi.

O‘zingiz uchun sevimli bo‘lgan sport turini topguningizga qadar bir nechta sport bilan shug‘ullanib ko‘ring. Shug‘ullanishdan to‘xtamang sevimli sportingiz albatta bor.

Krosfitni topishdan avval men raqs, yugurish, karate, yoga, suzish, velosipedda uchish, tepalikka tirmashib chiqish va trenajyor zalidagi kuch talab qiladigan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanib ko‘rdim. Hammasining o‘ziga yarasha jozibasi bor edi, ammo yakunda hammasidan zerikdim. Shuning uchun ham agar siz yugurish yoki kuch talab qiladigan mashqlar bilan shug‘ullanib o‘zingizga kerakli narsani topa olmasangiz, izlanishda davom eting.

2. Yaxshi do‘stlar davrasida shug‘ullaning

Shug‘ullanishni do‘stlar bilan birgalikda boshlash osonroq va qiziqarliroq bo‘ladi. Barcha noqulay holatlar kulgiga sabab bo‘ladi, siz esa o‘zingizni ishonchliroq va erkinroq his qilasiz.

Bundan tashqari, har bir davrada bir-biringizning o‘riningizni egallaganingiz uchun qo‘shimcha ishtiyoq paydo bo‘ladi. Agar siz sport zalda ko‘rishishga kelishib olsangiz, u yerga borishni shunchaki bekor qila olmaysiz.

Siz bilan shug‘ullanishni istaydigan do‘stlaringiz bo‘lmasa, murabbiy topishingiz mumkin.

3. Murabbiy toping

Agar o‘zingizga murabbiy topsangiz u sizning texnikangizni tekshirib, maqsadingizga erishishingizda yordam beradi, shu bilan birga davralar o‘rtasida yaxshi suhbatdosh bo‘ladi. Do‘stona muloqot va xushchaqchaqlik — sizni mashg‘ulotlarga kelishga undaydi.

Bundan tashqari, mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborishga murabbiydan tortinasiz. Murabbiy sizga amerika filmlaridagi kaprallar kabi qattiq baqirmasada, siz o‘zingizni majburiyatlaringizni his qilib turasiz.

Mashg‘ulotlarsiz o‘zingizni boshqacha his qilasiz. Agar bir-ikki marta zalga kelmaydigan bo‘lsangiz, murabbiy yoki guruhingizdagilar (men sportning guruh bo‘lib ishlaydigan turi bilan shug‘ullanaman) sizga eslatib qo‘yadilar.

Maslahat: murabbiy maxsus oliy maʼlumotga egami yoki ikki haftalik maxsus kurslarni bitirganmi,murabbiylik faoliyati necha yillik tajribaga ega, yana sportda erishgan yutuqlari bo‘lsa, bularni bilib oling. Siz o‘z salomatligingizni kimga ishonib topshirganingizni bilishingiz lozim.

Agar siz murabbiysiz ishlamoqchi bo‘lsangiz, sport zalga borishdan avval mashg‘ulotlar dasturini tuzib oling.

4. Mashg‘ulotlar dasturini tuzib oling

Yangi shug‘ullanishni boshlaganlarning ko‘pchiligi u yoqdan bu yoqqa yurishadi, ko‘zlari tushgan narsa bilan shug‘ullanishga kirishishadi. Ular yugurishdan avval chigal yozdi mashqlarini bajarmaydilar va kuchlari yetgunicha yuguraveradilar, keyin esa daqiqasiga 180 marta urib turgan puls bilan xarsillab qoladilar va qo‘llarini tizzalariga tirab shunchaki bir joyda turib qoladilar.

Har qanday mashg‘ulotlar o‘ziga xos jihatlar va qoidalarga ega bo‘lgan yangi dunyodir. Unga kirishdan avval kerakli ma‘lumot bilan tanishib chiqing.

Sport zalga tayyor dastur va sport texnikasi borasidagi birlamchi bilimlar bilan stadion yoki basseynga esa chigal yozdi mashqlari va to‘xtash haqidagi tasavvurlar bilan tanishib chiqqandan keyingina tashrif buyuring. Mashg‘ulotlar dasturini tashkil qilishda albatta o‘z maqsadingizdan kelib chiqing. Bu sizga dastlabki natijalarga erishguncha sabr qilishingizga yordam beradi.

5. Maqsadingizni aniqlab oling

O‘zingizga yoqqan sport turini topganingizdan keyin, nimaga erishmoqchi ekaningiz haqida o‘ylab ko‘ring. Agar bu kuch talab qiladigan mashg‘ulot bo‘lsa, masalan, 100 kg li og‘irlik mashqini bajarishni xohlashingiz mumkin, krosfitni tanlagan bo‘lsangiz, halqalar orqali harakatlanish, qo‘l vositasida 10 metr yurishga urinib ko‘rishingiz mumkin, agar yugurish bilan shug‘ullanadigan bo‘lsangiz 10 kmga yoki 10 soniyada 100 metrga yugurishni oldingizga maqsad qilishingiz mumkin.

Maqsadingiz belbog‘ga erishish, ma‘lum masofaga yetib borish yoki tashqi ko‘rinish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Faqat aniq maqsad qo‘ying.

6. Mashg‘ulotlar uchun maxsus kiyim sotib oling

Sport kiyimi va anjomini sotib olish bu sarflagan pullaringizga achinib o‘zingizni shug‘ullanishga majburlash usuli emas. Bundan bir ish chiqmaydi.

Sport kiyimi quyidagilar uchun zarur:

• Mashg‘ulotlarda qulaylik bo‘lishi va o‘zingizni yaxshi his qilishingiz uchun;

• Uyda shug‘ullanadigan bo‘lganingizda ham sport muhitini yaratish uchun.

Sifatli ko‘zoynaksiz suzish, ter tufayli xo‘l bo‘lib ketgan kiyimda shug‘llunish va doim noqulay kiyimni to‘g‘rilashga majbur bo‘lish bu haqiqiy tashvish. Mashg‘ulotlardan so‘ng siz eng chiroyli, ammo shug‘ullanish uchun eng noma‘qul bo‘lgan kiyimingizni yomon ko‘rib ketasiz.

Uyda shug‘ullangan taqdiringizda ham sport kiyimi sizga mag‘ulotlarni odatiy tarzda olib borish imkonini beradi. Bir necha mashg‘ulot bilan shug‘ullanib ko‘ring, shunda narsalar jismoniy faollik bilan uyg‘unlasha boshlaydi. Endi mashg‘ulotlarga tayyor bo‘lishingiz uchun o‘zingizning sport kiyimingizni kiyish yetarli bo‘ladi.

7. Dastlabki natijalarni qo‘lga kiritguningizgacha sabr qiling

Hamma mashg‘ulotlar sog‘liq uchun foydali ekanini biladi, ammo bu hamisha ham yetarli sabab bo‘la olmaydi. Yosh bo‘lsangiz va o‘zingizni yaxshi his qilsangiz sog‘liq bilan bog‘liq muammolar sizni unchalik ham tashvishga solmaydi: chidamlilik va yurakning sog‘lig‘i borasida Instagram sahifangizga post joylamaysiz axir. Agar o‘zingizni yaxshi his qilsangiz bu haqda o‘ylamaysiz ham.

Tashqi ko‘rinish — bu boshqa mavzu. Aynan shu narsa ko‘pchilik odamlarni sport zali va stadionga boshlab boradi. Agar siz hamma insonda bo‘lgani kabi chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lishni istasangiz, birinchi natijalar ko‘ringunicha sabr qiling, shundan keyin sizda kuchli istak paydo bo‘ladi.

O‘zingizni qanday his qilishingiz va kayfiyatingiz yaxshiroq, tonus, bardamlik, tafakkur esa aniqroq bo‘ladi. Shug‘ullanishni o‘yinga aylantiring: maqsadni qo‘yish va unga erishish sizga yana-da ko‘proq kuch beradi. Mushaklarni santimetr yordamida o‘lchash yana-da hayajonli. Oynaga qarab o‘zingizga “Ox, sog‘lomman!” deyish yoqimli. Mashg‘ulotlarsiz esa zaiflashib borayotganga o‘xshaysiz.

8. Shug‘ullanish uchun qulay paytni toping

Inson organizmi bioritmlarga bo‘ysunadi, bu hammada o‘ziga xos bo‘ladi. Kimgadir ishdan keyin oqshom payti shug‘ullanish yoqadi, boshqalarga esa ko‘proq ertalabki badantarbiya maʼqul keladi. Siz unisini ham, bunisini ham sinab ko‘ring.

Agar ishingiz tufayli ertalab yoki tushdan keyin shug‘ullanishga imkon topa olmasangiz, dam olish kunlari harakat qilib ko‘ring. Ehtimol shanba kungi mashg‘ulotlar siz uchun ayni muddao bo‘lar.

9. Harakatlar majmuasini tashkil qiling

Kichik harakatlar odatlarni shakllanishiga yordam beradi. Birinchi mashg‘ulotingizdanoq harakatlar majmuasini tashkil qiling: telefoningizni quvvatlantiring, mashg‘ulotlar vaqtida tinglash uchun maxsus pleylistni sozlang, narsalarni va suv idishingizni sumkangizga soling. Keyingi safar, mashg‘ulotlarga borishni istamasangiz ham shunchaki oldingidek harakatlarni takrorlang, shunda sport zalga borish istagi paydo bo‘ladi.

10. Harakatlanishni boshlang

Agar harakatlar majmuasini bajarganingizdan keyin ham mashg‘ulotlarga borishni istamasangiz, o‘zingizga 10 daqiqagina shug‘ullanishga vaʼda bering. Faqat 10 daqiqa, keyin uyga vazifangizni bajargan holda qaytasiz, axir ozgina vaqt shug‘ullanish umuman shug‘ullanmaslikdan yaxshiku.

Shunday vaʼda bilan yo‘lga chiqing, ishonchingiz komil bo‘lsin, siz odatdagidek 40–60 daqiqa shug‘ullanib qaytasiz. Asosiysi o‘zingizni zalga borishga yoki ko‘chaga chiqishga muvaffaq qilishingiz, keyin oqimga qo‘shilib ketasiz va tanangiz o‘z-o‘zidan shug‘ullanishni istab qoladi. Avvaliga qandaydir maqsad uchungina mashg‘ulotlarga qatnaysiz, ammo keyinchalik shunchaki ularsiz turolmaydigan bo‘lib qolasiz.

Birinchidan, agar men uzoq vaqt mashg‘ulotlarga bormaydigan bo‘lsam, orqam og‘rib qoladi. Og‘rigandan keyin esa jon deb boradigan bo‘lasiz. Ikkinchidan, tez-tez shug‘ullanib turmasam, depressiyaga tushib qolishim oson bo‘ladi. Shuning uchun remissiya (kasallik alomatlarining vaqtincha zaiflashuvi) bosqichiga yetib olsam, depressiyaning qaytishidan xavotirga tushib qayerga va nima uchun bo‘lsa ham borishga tayyor bo‘laman.

Asosiysi dastlabki ikki-uch oy sabrli bo‘lish kerak, keyin esa siz shunchaki mashg‘ulotlarsiz tura olmaydigan bo‘lasiz.

Manba: lifehacker.ru

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.