Mashg’ulotlar uchun 7 ta ajoyib mobil ilovalar.

Total
0
Shares

Bugungi kunda har bir odamning telefonida juda ko’p turli xil ilovalar mavjud bo’lib, ularning ko’pchiligi bir necha oyda bir marta ishlatiladi. Ushbu maqolada, siz har kuni albatta ishlatadigan eng foydali fitnes dasturlari bilan bo’lishamiz.

1. FatSecret

Ilovaning nomi uning asosiy mohiyatini anglatadi – vaznni nazorat qilish. Birinchi navbatda siz o‘zingiz erishmoqchi bo‘lgan natijani tanlaysiz bu ozish yoki semirish bo‘lishi mumkin. Dastlabki maʼlumotlarni kiriting, so‘ng mashg‘ulotlaringiz va kundalik isteʼmol qilingan va yo‘qotilgan kaloriyalar haqidagi maʼlumotlarni kiriting. Ilovada navigatsiya qilish juda oddiy va tushunarli, shu sababli, boshqarishda hech qanday qiyinchilik bo‘lmaydi. Siz bir kunda qancha miqdorda oqsil, uglevod va yog‘ isteʼmol qilayotganingizni qayd qilishingiz va kuzatishingiz mumkin, bu sportda qo‘yilgan maqsadlariga erishishning eng muhim omillaridan biridir. Og‘irlikdagi o‘zgarishlarni alohida bo‘limda grafik shaklida ko‘rish imkoniyati mavjud. Shu yerning o‘zida, ovqatlanish odatlaringiz bo‘yicha to‘liq hisobotni ko‘rishingiz mumkin, bu esa kunning qaysi qismida qaysi ovqatlanish odatini o‘zgartirish kerakligini anglashda yordam beradi. Bu ilova mashg‘ulotlarda o‘ziga qo‘ygan maqsadlarga erishishni istagan xar bir sportchida bo‘lishi lozim.

2. Mening suvim (Моя Вода)

Mashg‘ulotlarni boshlashdan oldin, biz har doim shifokorga tashrif buyurishni va tana tuzilishini tahlil qilishni maslahat beramiz, shundan so‘ng siz mushak va yog‘ to‘qimalarining nisbatlarini, shuningdek tanadagi suv miqdorini ko‘rishingiz mumkin. Hech kimga sir emaski, odam tanasining yarimi suvdan iborat, shuning uchun suvni kamida 2-3 litr isteʼmol qilish juda muhimdir. Bu bizga qanday foyda keltiradi? O‘zingizni yaxshi his qilishga, organizmdagi toksinlarni yo‘qotish va buyraklarni yaxshi ishlashiga yordam beradi. Siz hatto kundalik isteʼmol qilinadigan suyuqlik miqdori meʼyordan past ekanligini bilmasligingiz mumkin. “Mening suvim” ilovasini yuklab oling. O‘ziga o‘xshash ilovalardan ko‘ra ko‘proq funksiyalarga ega: suyuqlik miqdorini tanlash, statistikani ko‘rish, qo‘shimcha ichimliklarni tanlash yoki yaratish (pullik versiya) imkoniyatlari mavjud. Muhimmi, ko‘p suv ichishni unutmang!

3. Runkeeper

O‘zingizda yugurishga ishtiyoq paydo qilishni istayapsiz, lekin nimadan boshlashni bilmaysizmi? Tez orada ochiq havodagi mashg‘ulotlarning faol mavsumi boshlanadi, bunda yugurish mashg‘ulotlari yetakchi o‘rinni egallaydi. Runkeeper ilovasi yugurish paytida qo‘shimcha motivatsiya izlayotganlar yoki mashg‘ulotlarning borishini kuzatmoqchi bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan. Ajralib turuvchi xususiyatlari- turli xil maqsadlarni belgilashingiz mumkin: ozish, yugurishni o‘rganish, musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish yoki o‘zingizni chidamliligingizni sinab ko‘rishingiz mumkin. Ilova qo‘yilgan topshiriqlarga asoslanib mos mashg‘ulotlar taklif etadi. GPS yordamida bosib o‘tilgan yo‘lni ko‘rishingiz mumkin. Bundan tashqari, boshqa mashg‘ulotlarni tanlash imkoniyatlari mavjud, masalan, velosiped uchish, piyoda yurish, chang‘ida, snoubordda uchish va hokazo.

4.  Tabata

Agar siz fitnes bilan yaqinda shug’ullanishni boshlagan bo’lsangiz, lekin qisqa vaqt ichida istalgan natijaga erishishni istasangiz, interval mashg’ulotlar turi bilan tanishishni taklif qilamiz. Belgilangan mashg’ulotlar va dam olish vaqtlari nafaqat tanamizni qulaylik zonasidan chiqaradi, balki turli xil energiya tizimlarini ham o’z ichiga oladi, ular to’g’ri yondashuv bilan ortiqcha vazndan eng qisqa vaqt ichida xalos bo’lishga, chidamlilik va tezlikni rivojlantirishga imkon beradi, shu orqali o’zingizni super qahramondek his etasiz. Tabata ilovasi dastlab 20/10 intervalini belgilash uchun dasturlangan bo’lib, unda siz 20 soniya shug’ullanasiz va 10 soniya dam olasiz. Ammo siz mustaqil ravishda kerakli intervallarni belgilashingiz va mashg’ulotlaringizning xususiyatlariga qarab vaqtni tanlashingiz mumkin. Ilovadagi hamma narsa juda sodda va tushunarli, shuning uchun uni o’rganishga atigi bir daqiqa vaqt ketadi.

5. Sweat

Kayla Itsines tomonidan dunyodagi eng mashhur mashg‘ulot dasturlaridan biri. Buning o‘ziga xos xususiyati nimada? Ilovada Kaylaning Bikini Body Guide bo‘yicha to‘liq mashg‘uloti mavjud bo‘lib, u yuz minglab qizlarga o‘z hayotlarini o‘zgartirish imkoniyatini berdi. Chiroyli vizualizatsiya, sekundomer, taqvim bo‘yicha mashg‘ulotlar rejasi, shuningdek diyetani tuzish. ovqatlanish dasturlari bilan (vegetarian,vegan, laktozasiz) – barchasi ushbu ilovada mujassam. Shuningdek, siz ovqat tayyorlash uchun xarid qilinadigan mahsulotlar ro‘yxatini tuzishingiz mumkin. Dastur ro‘yxatdan o‘tgandan va mashg‘ulotlar boshlanganidan keyingi dastlabki 7 kun foydalanish bepul, keyin siz fitnes maqsadlariga erishishda davom etish uchun pullik obuna bo‘lishingiz mumkin.

6. IGym

Hammaga maʼlumki, oldinlari yigitlar mashg‘ulot zallariga daftar bilan kelishgan va o‘z mashg‘ulotlarini doim yozib borishgan. Albatta, buni telefonda oddiy eslatmalarda qilish mumkin, lekin buni ancha qiziqroq variantlari mavjud. IGym dasturi aynan sport zalida o‘z harakatlarini kuzatadiganlar uchun yaratilgan. Siz dasturda mavjud bo‘lgan o‘quv dasturlarini ko‘rib foydalanib borishingiz yoki o‘zingizni mashg‘ulotlaringizni yozishingiz mumkin. So‘ngra, har bir mashg‘ulot uchun mashqlarni takrorlash soni, dam olish vaqti va ishlatiladigan yuklar og‘irligini yozib borishingiz mumkin. Har qanday sportchi uchun o‘zining rivojlanishini nazorat qilishga qulay ilova va bu qo‘shimcha ruhlantiruvchi omil. Shuningdek, statistikani ko‘rish, mushaklar hajmini o‘lchash va turli xil foydali funksiyalarga ega pullik versiyasi mavjud.

7. Freelatics

Ushbu ilova nafaqat fitnes uchun balki sog‘lom turmush tarziga rioya etishga ham mo‘ljallangan. Freelatics Bodyweight yordamida istalgan vaqtda va joyda hech qanday sport jihozlarisiz o‘z vazningiz bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishingiz mumkin. Ish safarida bo‘lasizmi yoki taʼtilda bo‘lasizmi, endi shug‘ullanmaslikga hech qanday bahona yo‘q. Freelatics Nutrition – bu ovqatlanishni nazorat qilish uchun ilova. Ilovaning ichida maxsus menyu ishtiyoqmandlari uchun turli xil qiziqarli va foydali ovqatlar va retseptlar mavjud. Freelatiss Gym mashg‘ulotlar zalida shug‘ullanadiganlarga mos keladi. Mashqni bajarish texnikasi va detallarini o‘rganish, kuchni ko‘paytirishga ishlash, o‘z imkoniyatlaringizni tiklashingiz yoki sinab ko‘rishingiz mumkin- ilovani yuklab oling va qulay dasturni tanlang.

Muallif: Sergey Karenin, Les Mills supervayzeri.

Manba: Worldclassmagazine

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.