Fitnes-maqsadni belgilashda yo‘l qo‘yiladigan 3 xato

Total
19
Shares

Mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish yoki parhez tutishdan ko‘zlagan maqsadingizga erishishingizda sizga nima ko‘proq xalaqit berishini hamda ularga yetishish uchun qanday qadamlar yordam berishi mumkinligini bilib oling.

Jen Viderstrom. Fitnes-murabbiy, The Biggest Loser va American Gladiators televizion loyihalari ishtirokchisi, sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi kitob muallifi :

Biz nimani noto‘g‘ri qilamiz ?

1. O‘z tanamizni dushmandek ko‘ramiz

Agar biz tanamizga qarshi kurash boshlasak, u ham bizga ayni javobni qaytaradi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: yangi reja asosida parhez tutishni yoki mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishni boshlash orqali tanamizdan ko‘p narsani talab qilayotgan bo‘lamiz. Sport zalda ancha quvvat sarflaymiz, odatdagidan ko‘ra kamroq ovqatlanamiz, stressga tushamiz, yetarlicha uhlamaymiz, keyin esa nega natija bo‘lmayapti deb xayron bo‘lamiz.

Bunday munosabatimiz tufayli bizning tanamiz doim tinmay mehnat qiladigan, ammo kam haq oladigan ishchi kabi asabiy bo‘lib qoladi. O‘z o‘zidan u yaxshi ishlay olmay qoladi. Agar biz uning ehtiyojlarini nazarga ilmasak va ortiqcha qiynasak oxir-oqibat u bizga qarshi bosh ko‘taradi.

2. Ijtimoiy tarmoqlardagi suratlarga qarab mo‘ljal olamiz

Biz ijtimoiy tarmoqdagi sahifamizda doimo tanamiz qanday ko‘rinishi “kerakligini” eslatuvchi mukammal namunalarni ko‘ramiz. Shunda o‘zimiz bilmagan holda o‘zimiz jozibador deb bilgan odamga o‘xshab shug‘ullanishni boshlaymiz yoki qandaydir inflyuenser (boshqalarga taʼsir o‘tkaza oladigan odam) tanlagan parhez usulini ko‘chirib olamiz. Ammo biz hatto ijtimoiy tarmoqdagi kishilar kabi ayni mashg‘ulotlar bilan shug‘ullansak ham, ular bilan bir xil parhez tutsak ham ularnikidek natijaga erisha olmaymiz. Tanamiz haqidagi savollarga ijtimoiy tarmoqlardan emas, o‘zimizdan javob izlashimiz kerak.

3. Nima xohlayotganimizni o‘zimiz bilmaymiz

Ko‘pchiligimiz mashg‘ulotlarga “butun irodamizni to‘plab uni amalga oshirishim kerak” deb yondoshamiz. Biz butun kuchimizni ishga solib bir zumda butunlay o‘zgaramiz, deb o‘ylaymiz. Avvaliga rejamiz ish bera boshlaydi ham, ammo ko‘p o‘tmay ko‘tarinkilik yo‘qolib qoladi. Gap shundaki, biz eng avvalo bu bizga nima uchun kerakligini tushunib olishimiz kerak. Aks holda muvaffaqiyatga erisha olmaymiz.

Xo‘sh, nima qilish kerak ?

Maqsadni to‘g‘ri belgilash va unga bosqichma-bosqich reja asosida bardavom intilish kerak.

  • Ortga qarang

Sog‘liq va fitnes bilan bog‘liq o‘tgan yildagi intilishlaringiz haqida o‘ylab ko‘ring. Nimalarga erishganingiz, nimalarni boy berganingizni eslang. Bunda o‘zingizni tanqid qilmang, shunchaki holatni tahlil qiling. Natijaga erishishda nima to‘sqinlik qilganini, nima taslim bo‘lmaslikka sabab bo‘lganini va qaysi jihatlaringizni rivojlantirishingiz kerakligini aniqlab oling.

Omadsizliklarga yopishib olmang, shunchaki ulardan saboq chiqaring. Nimanidir uddalay olmagan bo‘lsangiz, buning sababini topishga urinib ko‘ring. O‘sha vaqtda hayotingizda nimalar bo‘layotgan edi? Imkon bo‘lsa nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?

  • Tanangizga quloq soling

Baʼzida insonlar o‘z tanasidan ko‘ra mashinasi yoki iti haqida ko‘proq qayg‘uradilar. Ammo tana bu bizning uyimiz, shunday ekan unga munosib tarzda g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak. Undagi nimanidir o‘zgartirish istagi tabiiy holat: kimdir vazn tashlashni, kimdir mushakdor bo‘lishni, yana kimdir epchilroq bo‘lishni istaydi. Asosiysi, tanamizning ehtiyojlari va holatini hisobga olishimiz kerak. Shuning uchun avvalo ushbu savollarga javob toping: siz uchun munosib vazn qanday? Bu yuqori sinfdaligingizda egalik qilgan yoki tor kiyimlar kiyishingizga imkon bergan vazningiz emas. Bu siz o‘zingizni baxtiyor va sog‘lom his qilishingizga sabab bo‘ladigan vazndir.

• Tanangizdagi moddalar almashinuvi qanday holatda? Ehtimol so‘nggi vaqtlarda ko‘p vaqt parhez tutgandirsiz yoki menopauzani boshdan kechirgandirsiz? Bularning ikkisi ham metabolizmga birdek taʼsir qila oladi.

• Kun jadvalingiz qanday shaklda? Bir haftada necha kun shug‘ullanishingiz mumkin? Sutkaning qaysi vaqti siz uchun qulay bo‘ladi?

• Qanday majburiyatlaringiz bor? Ayni vaqtda oilangizga qanchalik g‘amxo‘rlik qilishingiz kerak? Ishingizda qanchalik kuch kerak bo‘ladi? Oila va ishdan ortib sport bilan shug‘ullanish uchun quvvatingiz yetarli bo‘ladimi?

Ushbu savollarga javob topganingizda ko‘p narsalarga erishishingiz mumkinligini tushunasiz. Atrofga real nigoh bilan qarashga harakat qiling.

Aynan siz uchun muhim bo‘lgan maqsadni belgilang

40 kunlik fitnes chellenjlarning birida ishtirokchilardan o‘zlari erishishni istagan va faqat o‘zlari bilan bog‘liq bo‘lgan uchta maqsadni tanlashlarini so‘radim. Bu vazifani hech kim bajara olmadi. Barcha bolalari, umr yo‘ldoshi, ish va boshqa narsalar bilan bog‘liq maqsadni aytdi, ularning hech biri shaxsning o‘zi bilan bog‘liq emas edi.

Vaqt topib tafakkur qiling va faqat o‘zingiz bilan bog‘liq bo‘lgan bir yoki bir nechta maqsadni belgilab oling. Masalan:

• Tezligimni oshirish, chunki tezligimni oshira olsam yugurish vaqtida o‘zimni kuchli his qilaman.

• Haftada ikki marta krosfit uchun vaqt ajrataman, chunki ushbu mashg‘ulotdan keyin o‘zimni yengil his qilaman.

• Haftada uch marotaba uyda taom tayyorlayman, chunki bu sog‘liq uchun foydali va bu mening ovqatlanishga bo‘lgan munosabatimga to‘liq javob beradi.

• 7 kg vazn tashlayman, bu bilan o‘zimni qulay his qilishim mumkin bo‘lgan ko‘rinishga ega bo‘laman.

Maqsadga yetishish uchun bosib o‘tish kerak bo‘lgan bosqichlarni tuzib chiqing

Demak, maqsadni belgilab oldingiz, endi esa unga erishish uchun o‘zingizga yordam bering. Har kuni besh daqiqa vaqt ajratib maqsadga yaqinlashish uchun bugun nima qilishingiz kerakligini yozib oling. Ro‘yxat juda sodda bo‘lishi mumkin, masalan:

1. Nonushta. Ratsioningizdan kelib chiqib taomni yoki kaloriya miqdorini yozib qo‘ying.

2. Tushlik. Ratsioningizdan kelib chiqib taomni yoki kaloriya miqdorini yozib qo‘ying.

3. Kechki ovqat. Ratsioningizdan kelib chiqib taomni yoki kaloriya miqdorini yozib qo‘ying.

4. Mashg‘ulot. Turi va vaqti.

5. Meditatsiya. Vaqt.

6. Serial ko‘rish.

Buni majburiy ishlar ro‘yxati deb emas, maqsadga hamda yaxshi kayfiyatga erishish uchun asqotadigan ishlar jadvali deb biling.

Doim yaxshilikni o‘ylang

Pozitiv fikrlash muhim ahamiyatga ega. Maqsadingiz borasida o‘ylar ekansiz tabassum qilishni unutmang. Shunchaki yashayotganingiz uchun shukr qiling. Baʼzi vaqtlarda qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin, ammo buni kattalashtirmang va uning ijobiy tomonlarini ko‘rishga harakat qiling.

Manba: lifehacker.ru

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.