Fitnes to‘g‘risidagi 8 ta noto’g’ri fikrlar

Total
0
Shares

O‘z sog‘lig‘i va jismoniy ko‘rinishi to‘g‘risida qayg‘uradigan odamlar soni ortgani sayin tananing maʼlum joylarida paydo bo‘lgan yog‘ qatlamlarini eritish borasidagi xato fikrlar o‘z ahamiyatini yo‘qotib bormoqda. Ammo o‘z tasdig‘ini topmagan baʼzi fikrlar haqiqat sifatida saqlanib qolaveradi. Ushbu maqolada shunday fikrlarning 8 tasini keltiramiz va nima uchun ularga ishonmaslik kerakligini tushuntirishga harakat qilamiz.

1-xato fikr: Trenajyor sizga qancha kaloriya sarflaganingizni ko‘rsatib beradi

Aksariyat odamlar o‘zlari bajarayotgan mashqlarni trenajyor ko‘rsatayotgan sarflangan kaloriya miqdori bilan o‘lchaydilar. San-Fransiskodagi sport tibbiyoti klinikasida o‘tkazilgan tadqiqotlar bu ishning xato ekanini ko‘rsatib berdi, chunki trenajyorlar sarflangan kaloriya miqdorini ortiqcha ko‘rsatib beradi.

Tadqiqot davomida ishtirokchilar turli kardio-trenajyorlarda mashq qilishgan, olimlar esa maxsus niqob yordamida ularning nafas olish tartibini kuzatishgan va VO2max (isteʼmol qilingan kislorod miqdorini) darajasini o‘lchab borishgan.

Olimlar ushbu maʼlumotlarga va organizmning bo‘y, vazn, yosh o‘lchovlari hamda undagi yog‘ foiziga asoslanib qatnashuvchilarning aslida qancha kaloriya sarflaganlarini aniqlaganlar va ushbu ko‘rsatkichni trenajyordagi maʼlumot bilan taqqoslaganlar.

Trenajyorlar o‘rta hisobda sarflangan kaloriyani 19% ga oshirib ko‘rsatishi aniqlangan. Baʼzi trenajyorlarning sarflangan kaloriyani qancha oshirib ko‘rsatishi quyida keltirilgan:

• Yugurish yo‘lakchasi — 13%

• Velotrenajyor — 7%

• Zinali trenajyor — 12%

• Elliptik trenajer — 42%

Trenajyorlarga ishonmang. Mashg‘ulotlaringiz natijasini o‘z hissiyotlaringizga tayangan holda baholashga odatlaning.

2-xato fikr: Fitnes-braslet kaloriyani to‘g‘ri hisoblaydi va ozishga yordam beradi

Ko‘pchilik, fitnes- brasletlar sarflangan kaloriyani aniq ko‘rsatadi va sog‘lom hayot tarzini olib borishga yordam beradi, deb hisoblaydi. Ammo baʼzi tadqiqotlar ushbu qurilmalarning samaradorligini shubha ostida qolishiga sabab bo‘ladi.

Pittsburg universitetida olib borilgan tadqiqotlardan shu maʼlum bo‘ldiki, fitnes-brasletlar vazn kamayishida hech qanday ahamiyatga ega emas.

Tadqiqot ishtirokchilari ikki yil davomiga parhezga rioya qilishgan va fitnes bilan shug‘ullanishgan. Bir guruh vakillari o‘zlari isteʼmol qiladigan taomlar va faollik darajalarini sayt orqali, boshqa guruh vakillari esa fitnes-trekerlar vositasida nazorat qilib borishgan. Natijada, ikkala guruh vakillari ham vazn tashlashgan va chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lishgan. Bunda ikki guruh aʼzolari o‘rtasida sezilarli farq namoyon bo‘lmagan.

Bundan tashqari, fitnes-brasletlar sarflangan kaloriyani noto‘g‘ri hisoblaydi. Bir tadqiqotda yettita mashhur nomdagi fitnes-brasletlar qayd etgan ko‘rsatkichni nafas olishdagi kislorod va karbonat angidrid gazi miqdorini EKG va maxsus niqob ko‘rsatgan raqamlar bilan solishtirishgan.

Olimlarning aniqlashlaricha, fitnes-trekerlar YUQCHni (yurak qisqarishlari chastotasi) yaxshi hisoblaydi — ular ushbu ko‘rsatkichni aniqlashda 5% gacha adashishi mumkin xolos. Ammo kaloriya sarfi borasida ishlar yomon — tekshirilgan qurilmalar 27.4% dan 92.6% gacha bo‘lgan noaniqlikni qayd etgan. Yaʼni, eng noaniq qurilma 92.6% holatda adashgan.

Bundan tashqari, qurilmaning xato qilishi boshqa omillar qatori ishtirokchilarning vazniga ham bog‘liq edi — tana vazni massa indeksi yuqori bo‘lgan odamlarda xato ko‘rsatkich yuqori bo‘lgan. Bundan kelib chiqadiki, fitnes-brasletlar odatda vazn tashlashga harakat qilayotgan va to‘g‘ri maʼlumotlarga ko‘proq ehtiyoji bo‘lgan insonlarga xato raqamlarni ko‘rsatib beradi.

3-xato fikr: Jarayonda ilgarilash bo‘layotgani haqida tana vazniga qarab xulosa qilish mumkin

Vazningizni ko‘rsatuvchi raqam faqatgina tanangizning umumiy vazni haqida maʼlumot beradi, jarayon to‘g‘risida xulosa chiqarish uchun siz undagi yog‘ va mushaklar foizini bilishingiz kerak.

Bir xil bo‘lgan tana vaznida odatda yog‘ ulushi, mushaklar ulushiga nisbatan ko‘proq bo‘ladi. Shuning uchun ham siz mushaklar hisobiga vazn orttirsangiz va tanangizdagi ortiqcha yog‘lardan xalos bo‘lsangiz ham mashqlar bajarish va parhezga rioya qilguningizgacha bo‘lgan tana vazningizdan ko‘ra ko‘proq vaznga ega bo‘lishingiz, ammo bunda chiroyliroq ko‘rinishga ega bo‘lishingiz va o‘zingizni yaxshi his qilishingiz mumkin.

Mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishni boshlagach, biroz vazn orttirishingiz mumkin, chunki bunda mushaklar massa miqdori ortadi, yog‘lar esa joyida turgan bo‘ladi. Boshqacha holat ham kuzatilishi mumkin — tana vazningiz o‘zgarmaydi, ammo mushaklar hajmi ortadi, yog‘lar esa kamayadi.

Jarayonning ilgarilaganini bilish uchun santimetr tasmasi yoki tanadagi yog‘, mushak va suv ulushini ko‘rsatib beruvchi maxsus vazn o‘lchovchi tarozilardan foydalaning.

4-xato fikr: Oqsilni mashg‘ulotlardan keyin darhol isteʼmol qilish kerak

Ushbu fikrga ishongan aksariyat odamlar odatiy oqsilga boy mahsulotlarni isteʼmol qilish o‘rniga, mashg‘ulotlardan keyin darhol qabul qilish mumkin bo‘lgan proteinli kokteyllarni qabul qilishni afzal ko‘rishadi.

Ammo, baʼzi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, oqsilni qabul qilishda bunday shoshma-shosharlik qilish to‘g‘ri emas. 2009 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlardan maʼlum bo‘lishicha, ertalab yoki oqshom payti bo‘lishidan qatʼiy nazar mashg‘ulotlardan keyin darhol oqsilli qo‘shimcha qabul qilish organizmning kuchiga, mushaklar o‘sishiga va tanadagi yog‘ ulushiga hech qanday taʼsir ko‘rsatmaydi. Boshqa tadqiqotlarda esa, mashg‘ulotlardan keyin anabolik darcha 1,5-2 soat davomida ochiq bo‘lishi aniqlangan, shunday ekan kiyinish xonasidayoq oqsilga boy kokteylni ichish yoki ovqatlanish hech qanday ahamiyatga ega emas.

5-xato fikr: Faqat bir guruh mushaklarni mashq qildirish to‘g‘ri bo‘ladi

Baʼzi insonlar trenajyor zaliga aniq maqsad bilan, masalan, bitseps (yelka bilan qo‘l mushaklari) mushaklarini kuchaytirish, qorinni yo‘qotib sportchilardek chiziqlarga ega bo‘lish yoki jozibador ko‘rinishga ega bo‘lish uchun tashrif buyuradilar. Ular kerakli mushaklari uchun ikki-uch xil mashqni tanlab oladilar va bir necha hafta davomida faqat shu mashqlar bilan shug‘ullanadilar.

Bunday yondashuv mashg‘ulotlarda oldinga siljish bo‘lishiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi, chunki bunday holatda tana aynan bir xil yuklamalar uchun moslashib qoladi va ayni harakatlar uchun kamroq kaloriya sarflay boshlaydi. Bir xil trenajyorlar orasida zerikib qolmaslik uchun vaqti vaqti bilan mashqlar va qurilmalarni o‘zgartirib turish, yengil vazn va mashg‘ulotlar usullari bo‘yicha turli usullarni sinab ko‘rish kerak.

Bundan tashqari, maʼlum mushaklarni ortiqcha harakatlantirib, qolganlarini eʼtiborsiz qoldirish bilan mushaklar o‘rtasidagi muvozanatning buzilishiga sabab bo‘ladi. Bu esa bo‘g‘imlar harakatining cheklanishi, umurtqa sohasidagi og‘riq va gavdani noto‘g‘ri tutishga o‘rganib qolish kabi salbiy oqibatlarga olib keladi.

Tanamiz barcha mushaklarning hamohang ravishda rivojlanishga muhtoj bo‘ladi. Siz tanangizdagi maʼlum mushaklarga alohida eʼtibor qaratishingiz mumkin, ammo qolgan mushaklarni umuman mashg‘ulotlar dasturidan chetga chiqarib qo‘ymasligingiz kerak.

6-xato fikr: Mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanar ekansiz, istagan narsangizni isteʼmol qilishingiz mumkin

Agar siz vazn tashlamoqchi bo‘lsangiz bu borada ovqatlanish tartibingizni eʼtibordan chetda qoldirishingiz to‘g‘ri bo‘lmaydi. Biz avvalroq vazn tashlash maqsadida parhezsiz olib borilgan mashg‘ulotlarning samarasiz bo‘lishi haqida yozgan edik. Bizning tanamiz ming yillar davomida ochlik va og‘ir jismoniy mehnat sharoitida yashashga o‘rgangan va u yog‘larni saqlab qolish borasida ham yaxshigina tajribaga ega.

Shuning uchun ham siz qancha ko‘p shug‘ullanmang, kaloriya sarflamasdan ortiqcha vazndan qutula olmaysiz. Bundan tashqari, chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lish uchun isteʼmol qiladigan taomingizning nafaqat miqdori, balki sifati ham ahamiyatga egadir.

Mushaklarning o‘sishi, tezroq tiklanib olish va salomatlik uchun oqsil katta ahamiyatga ega, ammo agar sizning parhezingiz to‘yintirilgan yog‘lar va tezkor quvvat beruvchi uglevodlardan iborat bo‘ladigan bo‘lsa, o‘zingizning fitnes-maqsadingizga erishishingiz oson bo‘lmaydi.

7-xato fikr: Kardio mashg’ulot— vazn tashlashning eng qulay vositasi

Odatda to‘ladan kelgan odamlarning gantellar bilan mashq qilish o‘rniga uzoq vaqt yugurish yo‘lakchasida yurayotganlari yoki yugurayotganlarini ko‘rish mumkin. Ularning fikriga ko‘ra, kuch ishlatiladigan mashg‘ulotlar mushaklarni o‘stirish uchun lozim, ozish uchun esa faqatgina kardio usulidan foydalanish kerak.

Aslida kardio mashg‘ulotlar faqatgina yurak-qon tomir hamda nafas olish tizimiga yaxshi taʼsir qiladi va organizmning chidamliligini orttiradi, ammo agar siz jismoniy mashg‘ulotlar vaqtida ham, ulardan keyin ham ko‘proq kaloriya sarflashni istasangiz u holda kuch ishlatiladigan yoki interval mashg‘ulotlarni tanlaganingiz maʼqul.

2011 yilda o‘tkazilgan tadqiqotlardan maʼlum bo‘lishicha, bunday mashg‘ulotlardan keyin tinch holatda ham 21 soatgacha metabolizm faoliyati yuqori suratda davom etadi. Bundan kelib chiqadiki, kuch ishlatiladigan yoki interval mashg‘ulotlardan keyin deyarli bir sutka davomida kaloriya sarflashda davom etishingiz mumkin bo‘ladi.

8-xato fikr: Qancha ko‘p terlasangiz, tanadagi yog‘lar shuncha ko‘p eriydi

Ter ajralishi va yog‘larning parchalanishi o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan ikki xil funksiya hisoblanadi. Ter harorat ko‘tarilishiga javoban teshikchalar orqali ajralib chiqadi, bug‘lanadi va issiqlikni yo‘qotadi, natijada tana soviydi.

Yog‘larning parchalanishi organizm quvvatga muhtoj bo‘lgan paytda yuzaga keladi. Yog‘ hujayralarida qora kunga saqlab qo‘yilgan yog‘lar glitserin va yog‘ kislotalariga parchalanadi, ular esa quvvat sifatida ishlatiladigan hujayralar hisoblanadi.

Agar siz issiq xonada shug‘ullansangiz yoki qalin kiyim kiyib olsangiz, sizdan ko‘p ter ajralib chiqadi, ammo bu ko‘proq yog‘ ajralib chiqayotganini anglatmaydi. Yog‘lardan qutulish uchun quvvat tanqisligini yuzaga keltirib chiqaradigan va tanangizni quvvatni yog‘ zaxiralaridan olishga majbur qiladigan shiddatli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishingiz kerak bo‘ladi.

Shuning uchun ham ko‘proq terlash uchun harakat qilmaganingiz maʼqul, bu nafaqat befoyda, balki sog‘liq uchun zararli hamdir. Haddan ortiq terlash tananing suvsizlanishiga sabab bo‘ladi, bu esa salomatligingizga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.

Manba: lifehacker.ru

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.