Fitnes turlari bilan shug‘ullanishda nafas olish qoidalari

Total
0
Shares

Ko‘plab mashqlarni to‘g‘ri bajarishda aniq tartib asosida nafas olish ham muhim sanaladi. Ammo bir nozik jihat bor: fitnes turlarining barchasi uchun bir xil nafas olish tartibi mavjud emas. Shuning uchun ham biz World Class murabbiylariga murojaat qilgan holda sportning qaysi turi ekaniga qarab qanday nafas olish to‘g‘ri bo‘lishini aniqlashtirishga harakat qildik.

«Nafas olish qoidasi bevosita siz shug‘ullanish uchun tanlagan fitnes turiga bog‘liq bo‘ladi, — deydi, World Class klubi fitnes-menejeri Olga Shivagornova. — Asosiysi nafas olishingiz kerak! Jozef Pilates aytganidek, “hayot nafas olish bilan boshlanadi va nafassiz tugaydi”. Nafas olishni nazorat qilish mashg‘ulotlar jarayonini yana-da samarali va xavfsiz bo‘lishiga yordam beradi. Maʼlum holatlarda, nafas olish yordamchi vosita bo‘lsa, maʼlum holatlarda asosiy va hatto Terapevtik taʼsirga ega bo‘ladi. Masalan, Pilates mashqlarida respirator tizimiga taʼsir o‘tkazuvchi maxsus nafas olish mashqlari mavjud. Murabbiy nafas olish muhim ahamiyatga ega bo‘lgan joylarda sizning eʼtiboringizni unga qaratadi, salomatlikni mustahkamlash uchun to‘g‘ri nafas olishingizga yordam beradi».

Yugurish

«Yugurish davomida qanday nafas olish kerakligi borasida bir qator to‘qima fikrlar mavjud: kimdir burundan nafas olish kerak va og‘izdan nafas chiqarish lozim desa, yana kimdir, faqat og‘iz bilan nafas olish kerak, deydi, — deb gap boshladi World Class outdoor-dasturi bo‘yicha murabbiyi Vsevolod Bubnov. — Aslini olganda, buning murakkab joyi yo‘q: siz tanangiz qanday istasa shunday nafas olishingiz lozim. Agar yengil yugurish mashqini bajarayotgan vaqtingiz burundan nafas olish yetarli bo‘ladigan bo‘lsa, shunday qilishingiz mumkin. Yugurish intensivligi ortishi bilan kislorodga bo‘lgan talab ham oshib boradi va biz bir vaqtning o‘zida ham og‘iz bilan, ham burun bilan nafas ola boshlaymiz.

Nafas olish tartibiga keladigan bo‘lsak, bu yerda barchasi insonning o‘ziga xos bo‘ladi. Diafragmal nafas olish usulini qo‘llash samara beradi, ushbu texnikadan foydalanganda nafas olishda qorin havo bilan to‘ldiriladi. Bunda nafas olish chuqur bo‘ladi va tananing kislorod bilan to‘yinishi intensivlashadi. Ushbu usulni bajarish uchun mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish talab etiladi.

Sovuq havoda yugurganingizda nafas olishga alohida eʼtibor qaratishingiz kerak. Bizning vazifamiz, nafas olganimizda ichimizga kirgan havoni o‘pkaga yetib bormasdan avval isitishdan iborat. Buning uchun maxsus niqoblardan foydalanish mumkin. Yoki qadimiy usulga amal qilgan holda tilni tanglayga tekkizib olishimiz kerak. Bu holatda sovuq havo avvaliga “to‘siqqa uchraydi”, keyin esa til orqali o‘tib iliq holatda nafas yo‘liga yetib boradi».

Kuch ishlatish kerak bo‘lgan mashqlar

World Class klubi nazoratchisi va trenajyor zalining usta murabbiyi Yuliya Drajina shunday deydi: «Kuch ishlatish kerak bo‘lgan mashqlar davomida asosiysi zo‘riqmasdan, uzilishsiz tekis nafas olish lozim; nafas chiqarish hamisha mushaklar qisqarganida, kuchlanish yuz berganida amalga oshiriladi. Har qanday holatda ham nafasni tutib qolmaslik kerak, ayniqsa katta vazn va ko‘proq kuch ishlatishni talab qiladigan mashg‘ulotlar davomida bu aslo mumkin emas. Qon oqimining noto‘g‘ri ishlashi sababli salbiy oqibatlar yuzaga kelishi mumkin, ularning eng kichiki venalarning varikoz muammosidir»

Suzish

«Suzish davomida suvda og‘iz bilan nafas olinadi va burundan nafas chiqariladi, — deydi World Class klubida suv bilan bog‘liq dasturlar bo‘yicha usta murabbiy Yuliya Smerdova. — Bu suvning xususiyati bilan bog‘liq — birinchi navbatda uning zichligi bilan. Burundan nafas chiqarish tekisroq va uzunroq bo‘ladi va bu baʼzi suzish usullarining tartibiga mos bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha ravishda, burundan nafas chiqarish suvning nafas yo‘llariga tushib qolishining oldini oladi; bu narsa quloch otib suzishda muhim ahamiyatga ega. Chunki bunday suzish usulida nafas olganda bosh yon tomonga buriladi, bu holatda suv burunga kirib ketishi mumkin, shuning uchun ham bunda nafas chiqarish lozim bo‘ladi.

Chalqancha suzishda ham bu yuqoridagi jihat muhim sanaladi. Foydalilik jihatidan ham burundan nafas chiqarish katta ahamiyatga ega: bunda og‘izdan nafas chiqargandagidan ko‘ra ko‘proq kuch sarflanadi va nafas olish mushaklari ko‘proq ishlaydi. Natijada bu mushaklar mustahkam bo‘ladi, o‘pka xajmi esa kattalashadi.

Har bir insonda o‘ziga xos xususiyatlar mavjud. Shunday insonlar borki, nafas oladilar va uning ortidan tekis nafas chiqaradilar. Yana baʼzilar nafas olgach biroz tanaffus qilib keyin nafas chiqaradilar. Har bir insonda nafas olish o‘ziga xos maromga ega bo‘ladi, bu suzish tempi, o‘pka hajmi va tayyorgarlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Tajribasi kamroq bo‘lgan odamlar tezroq nafas oladilar».

Manba: worldclassmag.com

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.