Mashg‘ulotlar davomida kuchli terlash haqiqatan ham sog‘liq va chiroyli ko‘rinish uchun foydalimi

Total
0
Shares

Siz vazn tashlashingiz mumkin, ammo bu uzoqqa cho‘zilmaydi.

Terlash tezroq ozishga yordam beradimi

Ko‘pchilik odamlar tezroq ozish uchun qo‘shimcha kiyimlar kiyib oladilar yoki bellarini qalin qilib o‘rab oladilar, natijada mashg‘ulotlardan keyin butun tana nam bo‘lib uyga qaytadilar. Bunday usul haqiqatan ham ozishga yordam beradi, ammo bu 99% suvning hisobiga bo‘ladi va u terdan iborat. Qolgan bir foiz suv natriy xlor, mikroelementlar, peshob tarkibidagi modda, laktat, yog‘lar, glikoprotein, triglitserid va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Ammo bu moddalar yo‘qotilgan vazn o‘rinini qoplash uchun yetarli bo‘lmaydi.

Shunday ekan, ajralgan ter bilan birga yog‘ ham chiqib ketadi, degan qarash mutlaqo yolg‘on.

Yana, terlash kaloriya sarfini oshiradi, degan qarash ham mavjud. Ammo bu ham xato fikr. Albatta, agar siz tezroq shug‘ullanadigan bo‘lsangiz, ko‘proq terlaysiz, chunki bunda tana qiziydi va uning sovushi uchun terlash kerak bo‘ladi. Ammo bu aksincha taʼsir qilmaydi. Masalan, qulay sharoitlarda va juda issiq havoda (40° C) yoga bilan shug‘ullanish bir xil miqdordagi kaloriyaning sarflanishiga sabab bo‘ladi — daqiqasiga uch kkal.

Kardiomashqlar borasida ham shunday deyish mumkin. Kichikroq tadqiqot o‘tkazib Velotrenajyorda 20 °, 23 °, 26 ° va 30 ° C bo‘lgan haroratda mashq qilish orqali qancha kaloriya sarflanganligi tekshirib ko‘rildi, ammo turli Harorat ostida ishlaganda quvvat sarfining sezilarli darajada farq qilmasligi aniqlandi.

Shunday qilib ter kaloriya sarfini oshirmaydi va yog‘ miqdoriga taʼsir ko‘rsatmaydi. Suv bilan chiqib ketgan bir necha yuz grammning o‘rinini esa yana suv ichganingizdan so‘ng to‘ldirishingiz mumkin bo‘ladi.

Mashg‘ulotlar davomida terlash foydalimi

Mashg‘ulotlarda va saunada terlash orqali tanani tozalash mumkin degan qarash mavjud.

Ushbu fikr bekorga paydo bo‘lmagan. Masalan, bir qancha tadqiqotlarda tanadan ter bilan birga barqaror organik kirlar, bisfenol A va endokrin tizimining faoliyatini buzishi mumkin bo‘lgan ftalat moddalari ajralib chiqishi aniqlangan.

Ammo oxirgi tadqiqotlarda ushbu xulosalarning u qadar ham aniq emasligi maʼlum bo‘ldi. Gap shundaki, avvalgi tadqiqotlarda namunalarni tanadan ter bilan birgalikda zararli moddalar joylashadigan teri yuzasidagi hujayra qatlami va teri pardasini ham ajratib oladigan metall vositalar yordamida olishgandi. Bundan tashqari, barqaror organik kirlar yog‘da eriydi va ular tanadan axlat bilan birga chiqib ketadi.

Ter esa 99% suvdan iborat bo‘ladi, shu sababli uning barqaror organik kirlarni olib chiqib keta olishi biroz shubhali.

Ter namunasini olish uchun maxsus patchlardan foydalanilgan tadqiqotlarda bisfanol A peshobda bor ekanligi aniqlangan, ammo u ter tarkibida mavjud bo‘lmagan.

Shuningdek, bir qator tadqiqotlarda terlashning og‘ir metalllarni chiqarishda foydali ekanligi aniqlangan. 2014 yilda o‘tkazilgan metaanalizda maʼlum bo‘lishicha, kadmiy, qo‘rg‘oshin va simob kabilar peshobdan ko‘ra teri teshiklari orqali ko‘proq ajralib chiqadi.

Ushbu xulosani olgan tadqiqotchilar mashg‘ulotlarda yoki saunada terlash toksik elementlardan zarar ko‘rgan, masalan, xavfli ishlab chiqarish sohasida faoliyat olib boruvchi kishilar uchun foydali bo‘lishini taʼkidlaganlar.

Agar siz zararli moddalar bilan zaharlanmagan bo‘lsangiz, haddan ortiq terlash sog‘lig‘ingizga unchalik ham ko‘p foyda bermaydi.

Ko‘p terlash sog‘liq uchun zararli bo‘lishi mumkinmi

Issiq haroratda tezkor mashg‘ulotlar bilan shug‘ullansangizu, suv isteʼmol qilmasangiz, namlikning chiqib ketishi tananing suvsizlanishiga sabab bo‘ladi. natijada kuchli chanqoq, peshob ajralishining kamayishi, peshob rangining qorayishi, charchoq, holdan toyish va ong xiralashuvi yuzaga keladi.

Ozgina darajadagi suvsizlanish ham mashg‘ulotlardagi ko‘rsatkichga salbiy taʼsir qiladi, jiddiy suvsizlanish esa sudirgi, issiqlik zarbasi va buyrak bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Ammo agar yetarlicha suv ichsangiz ham, haddan ortiq ter ajralishi xavfli bo‘lib qolaverishi mumkin.

Ter bilan bilan nafaqat suv, yana elektrolitlar ham ajralib chiqadi, ko‘p suv ichish esa giponatriyemiya, yaʼni natriy tanqisligiga sabab bo‘lishi mumkin. Uning belgilari: ko‘ngil aynishi va qayt qilish, bosh og‘rig‘i, ong xiralashuvi, uyquchanlik va holsizlik.

Bir safar, 34 yoshli ayol 40 °S haroratda bikram-yoga bilan 90 daqiqa shug‘ullanganidan keyin 3,5 litr suv ichadi va nafas yetishmovchiligi, sudirgi, ko‘ngil aynishi va holsizlik tufayli kasalxonaga olib boriladi.

Shunday qilib, mashg‘ulotlar davomida ter ajralib chiqarilishini haddan ortiq oshirish nafaqat sog‘liq va ko‘rinish uchun befoyda bo‘ladi, balki baʼzida xavfli bo‘lishi ham mumkin.

Agar siz mashg‘ulotlardan ko‘proq foyda olishni istasangiz, parhezga eʼtibor qarating. Sog‘lom ovqatlanish mashqlar davomida yo‘qotiladigan qo‘shimcha ter miqdoridan ko‘ra foydaliroq bo‘lishi mumkin.

Manba: lifehacker.ru

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.