O‘z tanasini jismoniy jihatdan chiroyli ko‘rinishga keltira olmaydigan 8 turdagi insonlar

Total
0
Shares

Quyidagilar ichidan o‘zingiz haqingizda aytilgan fikrni topsangiz bunday qilishdan voz keching.

1. Kutuvchi kishi

Bu qandaydir hodisa sodir bo‘lgandan keyingina shug‘ullanishni boshlashga va sog‘lom ovqatlanish tartibiga rioya qilishga so‘z bergan kishidir. Bunday odam shunchaki dushanba kunidan boshlayman, deyishi ham mumkin.

U hamisha nimanidir kutadi. Ishdagi tashvishlar kamayishini, bayram o‘tishini, to‘yni o‘tkazib olishni, bolaning bog‘chaga borishini va h.k. Ammo kutish bilan hayot osonlashib qolmaydi, bo‘sh vaqt topilmaydi, doim yangi vaziyatlar va muammolar yuzaga kelaveradi.

Bu orada mushaklar hajmi kichiklashadi, qorinda yog‘ qatlamlari to‘planib boradi, beshinchi qavatga ko‘tarilish esa uddalab bo‘lmas topshiriq holiga keladi.

Siz qancha ko‘p ortga suraversangiz, boshlashingiz ham shunchalik qiyin bo‘lib boraveradi. Reja daftaringizni oling va hozirning o‘zida sport uchun ikki uch soat ajrating. Ularni qimmatbaho mashg‘ulot deb biling va bajarish uchun albatta harakat qiling. Shunday qilsangizgina, mashg‘ulotlarni hayotingizning bir qismiga aylantirishingiz va yaxshi natijalarga ega bo‘lishingiz mumkin bo‘ladi.

2. Ovqatlanish borasida bolalarga xos fikrlashga ega bo‘lgan kishilar

Bunday insonlar haddan ortiq kaloriya isteʼmol qiladilar va ular qandaydir mazali yegulikdan voz kechishlari mumkinligini tasavvur ham qila olmaydilar. Ular sog‘lom ovqatlarni bemaza deb hisoblaydilar va bunday ovqatlanishga o‘rganish uchun harakat ham qilmaydilar.

Bir safar men shunday odamlardan birining murabbiy bilan gaplashayotganini eshitgandim. Ortiqcha vaznga ega bo‘lgan ayol majmuaviy ozish dasturida ishtirok etish uchun sport zaliga tashrif buyurgandi. Murabbiy unga shirinliklardan voz kechishni aytdi, ayol esa shokolad yeb turishi mumkinligini taʼkidlar va oddiy tvorogni shiriniga almashtirishni so‘rar edi. Bu inson ozish dasturida ishtirok etish uchun to‘lovni amalga oshirgan edi! Yaʼni u ortiqcha kilogrammlar bilan xayrlashishga qatʼiy qaror qilgan va zalga tashrif buyurgandi.

“Foydali” va “bemaza” sifatlari o‘rtasida barobar belgisini qo‘yishga urinish noto‘g‘ri. Oddiy pishirilgan tovuq tolqon bilan qovurilgan mayda tovuq bo‘laklaridan mazaliroq bo‘lishi mumkin, karsillaydigan bulg‘or qalampiri va salat barglari esa yog‘li kartoshkadan ko‘ra ishtaha ochuvchi bo‘lishi mumkin, shuningdek, olma va mandarin shirin sut to‘ldirilgan naychali pechenyedan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishi mumkin.

Yog‘li va shirin taomlarga bo‘lgan mehringiz bu sizning taomga bo‘lgan alohida yondashuvingiz emas, shunchaki, taom tayyorlash borasida no‘noq ekaningiz hamda ularni tanlashda bolalardek sodda fikrlashingizni ko‘rsatuvchi jihatdir.

Hali ham chips, gazli ichimliklar va konfetlar eng yaxshi yegulik deb hisoblaysizmi? Demak, sizning taomlarga bo‘lgan munosabatingiz besh yoshli bolaniki bilan bir xil. Ulg‘ayish vaqti keldi.

3. Qachonlardir jarohat olgan kishi

U o‘zining o‘tmishda olgan jarohatlari haqida o‘ylab sport bilan shug‘ullanishga kirishmaydi. Ha, u mashg‘ulotlar sog‘liq uchun foydali ekanini biladi va imkoni bo‘lganida mamnuniyat bilan ularni boshlagan ham bo‘lar edi. Ammo besh yil avval tizzasidan jarohat olgan va hamon ushbu jarohatning asorati mavjud, shunday ekan sport haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas! Jarohat butunlay tuzalib ketsa (hech qachon bunday bo‘lmaydi) u albatta mashg‘ulotlarni qaytadan boshlaydi.

Boshqacha bo‘lishi ham mumkin: bir inson shug‘ullanishni boshlaydi va kichik jarohat oladi yoki tananing qayeridadir og‘riqni his qiladi. Shundan keyin sport zararli ekan, degan qarorga keladi va undan uzoqroq bo‘lishga harakat qilib darrov mashg‘ulotlarni to‘xtatib qo‘yadi.

U doktorga borib nima bo‘lganini aniqlashga urinmaydi, jarohatni (agar u haqiqatda mavjud bo‘lsa) hisobga olgan holda munosib mashqlarni belgilab beruvchi murabbiyga murojaat qilmaydi. Shunchaki hammasini tashlab ketadi. Ehtimol butun umrgadir.

Albatta, og‘riq va harakatning chegaralanishiga ko‘z yumib bo‘lmaydi, ammo jarohat bu sport poyabzalini javonning eng uzoq joyiga berkitib qo‘yish uchun sabab bo‘la olmaydi.

Mashqlar tiklanib olish va og‘riqlarni bartaraf etish uchun ham foydalidir. Bundan tashqari, siz nafaqat salomatlik, shu bilan birga musobaqalarda ishtirok etish va yaxshi natijalarga erishish uchun zarur bo‘lgan jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lish uchun ham mashg‘ulotlarda ishtirok etishingiz mumkin.

CrossFit Games musobaqasida to‘rt marta g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mashina odam Met Freyzer yoshligida umurtqasidan jiddiy jarohat olgan edi. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng o‘zini biroz tiklab olgan Met krosfit bilan shug‘ullanishni boshlaydi va bir necha yildan so‘ng bu sohada haqiqiy afsonaga aylanadi.

Suzish bo‘yicha olimpiada chempioni Aleksandr Popov oyog‘idan jarohat olgach yana sportga qaytadi, bokschi Vinchenso Patsiyensa esa avtohalokat natijasida bo‘yinidan olgan jarohati tuzalgach yana ringga ko‘tariladi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Jarohat o‘tirib butunlay sog‘ayishni kutish uchun yetarli sabab emas. Umuman olganda har qanday jarohat uchun mos keladigan va og‘riqqa sabab bo‘lmaydigan mashqni topish mumkin. Bundan tashqari, hech kim jarohatlangan joydan boshqa tana qismlari bilan mashq qilishni man qilmaydi.

Masalan, tizzasi jarohatlangan kishi bel qismi, umurtqa va qorin uchun mo‘ljallangan mashqlarni bajarishi mumkin, yana jarohatlanmagan oyog‘ini ham ishlatishi mumkin: bir oyoqni mashq qildirish ikkinchisining ham kuchli bo‘lishiga yordam beradi. Hammani, shu qatorda o‘zingizni ham hatto gantellarni ko‘tarish yoki ko‘prik mashqini bajarish qo‘lidan kelmaydigan darajada behol ekaningizga ishontirishga urinishni bas qiling. Aslida bunday emasku!

4. Mehnatkash

Ko‘p hollarda insonlar tartibsiz ravishda mashqlar bilan shug‘ullanadilar yoki mashg‘ulotlardan butunlay voz kechadilar. Sababi ular ishdagi jismoniy mehnat sport zalidagi mashg‘ulotlar o‘rinini to‘ldiradi, deb hisoblashadi.

Odatda ishda harakatlar to‘plami unchalik ham katta bo‘lmaydi: faqat bir turdagi mushaklar harakatlanadi, oyoq qo‘llar esa doim bir xilda ishlaydi. Natijada insonda mushaklar harakati borasidagi muvozanat buziladi, charchoq va og‘riq, bo‘g‘imlar va umurtqa bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi.

Kuch talab qiladigan mashqlar turli harakatlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular hamohang ravishda barcha mushaklarni ishlashiga sabab bo‘ladi, tana chidamliligini, qayishqoqlik va epchillikni ortishiga yordam beradi.

Bundan tashqari, ish sharoitida yuklamalar ortib borish xususiyati mavjud emas. Mushaklar odatiy ishga o‘rganib qoladi va o‘sishdan to‘xtaydi. Trenajyor zalida esa yuklamalar doimiy ravishda ortib boradi, tana yana-da kuchayadi, mushaklar o‘sib baquvvatlashadi. Natijada, zalda kuch ishlatish mashqlarini bajarish texnikasini o‘rgangan kishi ushbu ko‘nikmasini ish jarayonida ham qo‘llaydigan bo‘ladi, bu esa ish samaradorligini oshishiga hamda jarohatlanish xavfining kamayishiga sabab bo‘ladi.

Og‘irlikni ko‘tarish mashqlarini o‘rganib olgach, belingizni churra xavfini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri holatda tutib og‘ir qutilarni ko‘tarmaydigan bo‘lasiz. Ishda nima qilishingizning ahamiyati yo‘q: kompyuterda o‘tirasizmi yoki vagonga yuk ortasizmi, agar siz hamohang rivojlangan, chiroyli va sog‘lom tanaga ega bo‘lishni istasangiz har qanday holatda ham kuch talab qiluvchi va kardio mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanib turishingiz kerak bo‘ladi.

5. Jabrlanuvchi kishi

Bunday inson bir necha marta sport zalda shug‘ullanishni va sog‘lom ovqatlanish tartibiga rioya qilishni boshlagan, ammo har safar bardoshi yetmay tashlab ketishga majbur bo‘lgan. U har safar o‘zini urinishlar, man qilingan yeguliklar va taʼqiqlar tufayli baxtsiz his qiladi va bunday holat abadiy davom etadi, deb o‘ylaydi.

Bunday o‘ylar tufayli kuchli motivatsiya ham bir oz muddatdan so‘ng o‘z taʼsirini yo‘qotadi. Axir oldinda azob uqubatlarga to‘la butun umr turibdi, ko‘rinishning chiroyli bo‘lishi esa bu azoblarga arzimaydi.

Ammo voqelik qorong‘i xayollardan ancha farq qiladi: bizning tanamiz moslashish bo‘yicha daholikka daʼvogar. U deyarli har qanday sharoitlarga moslasha oladi, jismoniy faollik va sog‘lom ovqatlanish borasida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Moslashish tez ro‘y beradi, Asosiysi qo‘rqinchli xayollar bilan o‘zimizni o‘zimiz xavotirga solmasligimiz kerak.

Yaqinda men og‘ir atletika bo‘yicha musobaqada ishtirok etish uchun vazn tashladim. Haftasiga taxminan 5 kg tashlash uchun (asosan suv ko‘rinishida) men sabzavot va yashil olmadan tashqari har qanday uglevodlarni ratsionimdan chiqarib tashladim.

Aytib o‘tishim kerakki, men non va unli mahsulotlarni yaxshi ko‘raman. Ulardan butunlay voz kechishga majbur bo‘ldim. Dastlabki ikki kun qiyinroq o‘tdi: uglevodlar yetishmasligi tufayli boshim aylandi, kayfiyatim ham yaxshi emas edi. Ammo keyin ancha o‘rganib qoldim, musobaqagacha bo‘lgan kunlarning oxirgisini hisobga olmaganda hech narsa yemadim, ammo o‘zimni juda yaxshi his qilayotgandim.

Siz jismoniy jihatdan chiroyli ko‘rinishga ega insonlar har safar trenajyor zaliga kelganida azob chekadi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q! Ularga shug‘ullanish yoqadi.

Sizningcha shirinliklardan voz kechgan sportchilar qattiq azob chekadilarmi? Topolmadingiz, ularga farqi yo‘q. Bu omadli nasliy xususiyat yoki temir iroda emas. Bu shunchaki odat, siz ham uni o‘zingizda shakllantirishingiz mumkin. Shunchaki, hamisha qiynalib yashamasligingizni yodda tuting.

6. Mayda narsalarga ham eʼtibor beruvchi insonlar

Bunday insonlar nazariyani yaxshi ko‘rishadi va mayda detallarga sho‘ng‘ishga tayyor bo‘lishadi, ammo ular eng muhim narsani — doim harakatda bo‘lish kerakligini unutib qo‘yadilar.

Ular mikroto‘lqinli pechning radiatsion nurlaridan qo‘rqadilar, “GMO va pestitsidlarsiz” degan yorliqqa ega mahsulotlarni izlaydilar va pH suvlari haqida o‘qiydilar, ammo ular negadir qorinda yog‘ qatlamining to‘planishi va mushaklarning zaif ekani haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar.

Bunday odam murabbiyga o‘ziga bolaligidan boshlab qo‘yilgan barcha tashxislarni aytib berishi, mashqlarning va mahsulotlarning foydasi va zarari haqida to‘xtamay muhokamaga kirishishi, ammo o‘zi bir haftaga ham sabr qila olmasligi mumkin. Chunki bunga mehnat kerak bo‘ladi.

Bu qiyin. Bahslashish esa osonroq va yoqimliroq. Albatta mayda detallarni bilish ham muhim, ammo ularga keyinroq, mashqlarga o‘rganib olganda keyin, natijalarni yaxshilash usulini izlayotganimizda murojaat qilsak to‘g‘riroq bo‘ladi. Boshlanishiga esa oddiy qoidalar yetarli bo‘ladi: tartibli ravishda shug‘ullanish, foydali mahsulotlarni isteʼmol qilish, shirinliklar va spirtli ichimliklardan voz kechish.

7. Bahonalar qiroli

Bunday odamlar bilan bahslashib bo‘lmaydi. Ularda hamma gapga javob tayyor bo‘ladi. Ular ko‘pincha mashq qilishni juda istashlarini, ammo bunga vaqt yetishmasligini aytadilar. Bunda berilgan har qanday maslahat va taklif ularga aslo to‘g‘ri kelmaydi.

Ishdan keyin oqshom payti shug‘ullanish uchun charchab qolishadi, ertalablari vaqt yetishmaydi, dam olish kunlari imkon bo‘lmaydi, sport zalda shug‘ullanish qimmatga tushadi va hokazo sabablar davom etaveradi.

Albatta bu har qanday holatga tupurish kerak degan maʼnoni bermaydi. Baʼzi insonlar haqiqatan ham shug‘ullanishni chin dildan istaydilar. Ammo har qanday holatda ham yechim topishning imkoni bor.

Yuqoridagi kishilar esa yechim topishga harakat qilmaydilar. Ular bahona qidiradilar. Agar siz ham ularga o‘xshaydigan bo‘lsangiz, buni tan oling va qila olishingiz mumkinligini ayting. Dam olish kuni bir soat ajratib mashq qilish tufayli nonushta uchun dasturxonga quymoq torta olmasangiz bu oilangizga zarar keltirmaydi. Ishdan keyin shug‘ullanish uchun kuchim yetmaydi deb o‘zingizni ishontirib qo‘ygansiz xolos (ayniqsa agar siz kompyuterda ishlasangiz).

Bir marta sinab ko‘ring, vaʼda beraman biron joyingiz kamayib qolmaydi, aksincha, mashq bajarmagan kuningizdan ko‘ra bajargan kuningiz tunda yaxshi uhlaysiz.

8. Hech narsaning farqi yo‘q bo‘lgan kishilar

Bunday insonlar qoidalar men uchun emas, deb hisoblaydilar. Baʼzi insonlar yetarlicha dam olishlari uchun sakkiz soatlik uyqu zarur bo‘lishi mumkin, ammo yuqoridagi kabi kishilar to‘rt soatlik uyqudan so‘ng ham o‘zlarini yaxshi his qilishlari mumkin. Kimlar uchundir to‘yib ovqatlanish va oqsil miqdorini oshirish zarurdir, ammo yuqoridagi kishilar mashg‘ulotlarga kuch to‘plab olishlari uchun bir juft «Snikers» yetarli bo‘ladi.

Spirtli ichimliklardan voz kechish? Ee, yo‘o‘q… Qiyin mashg‘ulotlardan avval chigal yozdi mashqlarni bajarish? Nimalar deyapsiz! Bo‘g‘imlar harakatchanligi ustida ishlash? Qo‘ysangizchi! Bu bilan qizlar yoga paytida shug‘ullanishadi. Keyin esa savollar paydo bo‘ladi: “Nimaga oldinga siljish bo‘lmayapti?”, “Nega endi shuncha mashq qilsam ham mushaklarim bo‘rtib chiqmayapti?”, “Nega yana jarohat oldim?” Menimcha, hammasi irsiy xususiyatlarimga bog‘liq…

Qoidalar bekorga ishlab chiqilmagan. Ha, har birimizning tanamiz o‘zaro farq qiladi, ammo u darajada katta tafovut yo‘q. Agar siz qiyin mashg‘ulotlar bilan shug‘ullansangiz, yaxshi ovqat yeyishingiz va yetarlicha uhlab dam olishingiz kerak. Mashg‘ulotlardan avval chigal yozdi mashqlarini bajarib qizib olishingiz kerak. Mashg‘ulotlar hajmini birdan oshirib yuborish to‘g‘ri bo‘lmaydi, yana tiklanish borasida ham eʼtiborsiz bo‘lmang.

Tanangiz og‘ir yuklamalarga bardosh berishi mumkin, ammo uni ortiqcha mashaqqatga qo‘yadigan bo‘lsangiz, ertami kechmi u shikastlanadi va barcha natijalaringiz yo‘qqa chiqadi. O‘z tanangizni asrang, bu sizning asosiy boyligingizdir.

Manba: lifehacker.ru

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.