Qishda basseynda suzish: qanday qilib isinish mumkin?

Total
0
Shares

Yilning istalgan vaqtida fitnes-klublardagi basseynning havo harorati — 26°S, suvning harorati esa — 28°S darajada bo‘ladi. Shunga qaramay, qish mavsumida yozni sog‘ingan kishilar suzish uchun yo‘l oladilar. Bu paytda yaxshi “qizitadigan” mashg‘ulotlar ko‘proq bajariladi. Ammo suzishni boshlashdan avval chigal yozdi mashqlarni to‘g‘ri bajaradigan bo‘lsangiz, suvda ham bemalol harakatlanishingiz mumkin bo‘ladi.

«Qishda tanamiz issiqlikni tezroq chiqaradi va soviydi, shuning uchun ham qizib olish istagining paydo bo‘lishi tabiiy hol, — deydi World Class klubida suv bilan bog‘liq dasturlar bo‘yicha usta murabbiy Yuliya Smerdova. — Yilning sovuq mavsumida ham basseynda suzish uchun dinamik chigal yozdi mashqlarini bajarish yetarli bo‘ladi.

Buning uchun suzish harakatlariga o‘xshash bo‘lgan mashqlar mos keladi. Bu masalan, qo‘llarni yelka bilan barobar holatda oldinga cho‘zib (oldinga quloch otib suzish kabi) va ortga qilib (ortga quloch otib suzish kabi) navbatma-navbat aylantirish bo‘lishi mumkin. Buning natijasida orqadagi, yelkadagi, qorin va hatto oyoqdagi mushaklar qizib oladi. Xuddi shu kabi batterflay suzishni ham mashq qilish mumkin — buning uchun bir vaqtning o‘zida ikkala qo‘lni oldinga va orqaga qilib aylantirasiz. Har bir usul uchun mashqlarni uch marta takrorlang — bu muddat ichida tanangiz yetarlicha qizib oladi. Oyoqlarni qizdirib olish uchun oddiy o‘tirib turish mashqini bajaring. Oyoqlaringizni yelka kengligida oching va iloji boricha quyiroq o‘tiring. Ushbu mashqlarni qilib olgach, tizza bo‘g‘imlarini brass uchun tayyor holatga keltirasiz. Yigirmata yengil o‘tirib turish mashqi yetarli bo‘ladi. Qo‘llarni aylantirish va o‘tirib turish mashqidan iborat mashg‘ulotlarni ikki-uch marta takrorlang — oxirgi takrordan keyin albatta suvga sho‘ng‘ishni istab qolasiz».

Ehtimol, “quruqlikda” yuqoridagi kabi mashqlarni bajarib qizib olgach tanamiz suvga tushganda qarama-qarshi haroratni kuchliroq his qiladi, deb o‘ylarsiz. «Bunday bo‘lmaydi, — aksincha, tanamiz jismoniy faollikdan so‘ng qizib olgach, termoregulyatsiya mexanizmi faol ishlay boshlaydi, — tushuntiradi Yuliya. — Inson sovishi kerak bo‘lgani uchun terlaydi. U qizigan holatida suvga tushsa, bu tanani sovutib olishga yordam beradi va biz o‘zimizni yaxshi his qilamiz.

Suvga tushishdan avval mashq qilib olgan insonlar uchun suvdagi mashqlar ham oson bo‘ladi, sababi tana qizigan, yurak qisqarishlari soni ortgan va nafas tezlashgan bo‘ladi. Suvda “sovugan tanadan” ko‘ra qizib olgan tananing harakatlanishi osonroq bo‘ladi. Suvda ham chigalyozdi mashqlarini davom ettirish yoki to‘liq koordinatsiya bo‘yicha suzishni boshlash mumkin, har kim o‘zining tayyorgarlik darajasidan kelib chiqib ikkisidan birini tanlaydi».

Basseynga tushishdan avval saunaga kirib chiqishga nima deysiz? «Bunga hech qanday qarshi ko‘rsatma yo‘q, — davom etadi Yuliya. — Faqat saunadan so‘ng tana kontrast haroratni kuchliroq his qiladi, chunki u ichidan “qizigan” bo‘ladi. Suv juda muzdek tuyuladi, ammo unda muzlab qolmaysiz — chunki tana saunada qizib olgani uchun uzoq vaqt ichki issiqlikni saqlab turadi. Mashg‘ulotlardan avval jismoniy mashqlar bilan chigal yozgan yaxshiroq, chunki tanani qizdirib olish bilan birga yana bir vazifa bor, uni yuklamalar uchun ham tayyorlash kerak. Shunda tanamizning funksional tizimi ishlashga va mashqlarning tezkorligini oshirishga tayyor bo‘ladi».

Qish mavsumida amalga oshiriladigan suzish usullaridan biri ochiq basseynda suzishdir. «Qish paytidagi ochiq basseynlar biz uchun g‘aroyib tuyuladi. Ko‘chada havo harorati -15°S bo‘lishi mumkin, ammo suvda muzlab qolmaymiz. Darhaqiqat, agar inson suzish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lmasa, oz-ozdan boshlashi kerak. Avvaliga 5, keyin 10 daqiqa suzish, asta-sekin vaqtni ko‘paytirib borish lozim. Bu tanani o‘rgatib borish uchun kerak. Masalan, suzish davomida inson nafas oladigan havo harorati sezilarli darajada past bo‘ladi. Yana bir muhim jihatni yodda tutish lozim: qish mavsumida ochiq basseynda faqat sportga doir suzish bilan shug‘ullanish mumkin. Bunda tana suv ichida bo‘ladi va faqat nafas olish uchungina ko‘tariladi. Aks holda suv iliq bo‘lsada bosh qattiq muzlab qolishi mumkin. Yuqorida suv tezroq soviydi va muzlab qolish xavfi mavjud bo‘ladi. Albatta, qishda ochiq basseynda suzish uchun ham chigal yozdi mashqlarini bajarish kerak bo‘ladi, bunda mashqlarni ixtiyoriy emas, majburiy tartibda bajariladi».

Yopiq yoki ochiq joyda bo‘lishidan qatʼiy nazar suzish tanani chiniqishiga yordam beradi. Bunda kontrast harorat muhim ahamiyatga ega. «Tana qizigan, suv sovuq bo‘ladi, teri hujayralari esa asta-sekin sovuqqa “chidamli” bo‘lib boradi. Qon-tomir va nafas tizimlari ham bunday tashqi taʼsir ostida moslashishga va shu sharoitda samarali ishlashga o‘rganadi».

Manba: worldclassmag.com

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.