Sport zalga bormay turib jismoniy faol bo‘lishga 10 ta ajoyib uslubi

Total
0
Shares

Bunda hatto eng tig‘iz jadval ham sizga xalaqit bermaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bizga haftasiga kamida 2,5 soat jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanishimizni tavsiya qiladi. Bu unchalik ham ko‘p emas, ammo insonlar odatlanmaganliklari, vaqt va kuchlari yetmagani sababli ushbu tavsiyaga amal qilmaydilar. Bu esa sog‘liqqa jiddiy taʼsir ko‘rsatadi.

O‘zimizni yaxshi his qilishimiz va uzoq umr ko‘rishimiz uchun ham jismoniy jihatdan faol bo‘lishga harakat qilishimiz lozim. Zero jismoniy faoliyat bilan shug‘ullanish xavfli kasalliklar, jumladan, yurak va qon tomirlari bilan bog‘liq xastaliklar, 2-darajali qandli diabet va hatto saratonning yuzaga kelishining oldini olishga yordam beradi. Umuman olganda, hech qanday harakat qilmagandan, ixtiyoriy harakatni amalga oshirgan yaxshiroq. Quyida biz tig‘iz ish jadvaliga ega bo‘lgan taqdiringizda ham sizga mos kelishi mumkin bo‘lgan salomatlik uchun zarur harakatlar normasini aniqlashga harakat qilamiz.

1. Chigal yozdi mashqlarini bajaring

Bunday mashqlarni 10 daqiqadan kamroq vaqt ichida bajarishingiz mumkin, ammo bu bilan tetiklashib olasiz va kuningizni faol o‘tkazishga tayyor bo‘lasiz. Agar sizda to‘liq mashqlar majmuini bajarish uchun yetarli vaqt bo‘lmasa, ularning kuch kerak bo‘ladigan qismini choy qaynab chiqqunicha yoki nonushta bo‘tqasi tayyor bo‘lguncha bajarib olishingiz ham mumkin.

2. Imkoniyat tug‘ilganida piyoda yurishdan bosh tortmang

Albatta, yurganingizda yugurishda bo‘lgani kabi ko‘p kaloriya sarflamaysiz va ushbu mashg‘ulot yurak qon-tomir tizimiga yugurish kabi samarali taʼsir o‘tkazmaydi. Shunga qaramay, yurishning sog‘liq uchun bir nechta foydali jihatlari bor:

Shirinlikka bo‘lgan ishtiyoqni kamaytiradi;

• Immunitetni yaxshilaydi;

• Bo‘g‘im kasalliklaridan himoya qiladi;

• Stress bilan kurashishga yordam beradi va kayfiyatni ko‘taradi.

Buning uchun xiyobonga borish va u yerda bir necha soat qolish shart emas. Siz idorada ham bir necha marta aylanib chiqishingiz yoki birov bilan suhbatlashib dahlizda sayr qilishingiz, ishga ketayotganingizda bir bekat avval tushib qolib yo‘lingizni piyoda davom ettirishingiz mumkin.

Piyoda yurish zarurati tug‘ilganida xavotirga tushmang — imkon tug‘ilganiga xursand bo‘ling va undan foydalaning.

3. Zinalardan foydalaning

Lift ishlab turgan vaqtda zinalardan ko‘tarilayotgan odamga hayrat bilan boqishadi va uni savolga tutishadi. Ammo zinadan ko‘tarilish yuragingizni mustahkam bo‘lishiga yordam beradi, oyoq mushaklarini kuchaytiradi va oddiy yurishdan ko‘ra ko‘proq kaloriya sarflashga olib keladi.

Zinadan pastga tushganingizda ham daqiqasiga 5 kkal sarflaysiz, undan ko‘tarilish esa ikki marta ko‘proq, yaʼni 10 kkal sarflashga sabab bo‘ladi. Shunday qilib, liftdan voz kechib ortiqcha vaqt ishlatmay turib ko‘proq kaloriyani sarflashingiz mumkin bo‘ladi.

4. Do‘konga kirganingizda maxsus arava o‘rniga savatchadan foydalaning

Agar bir haftaga yetadigan mahsulotlarni sotib olmoqchi bo‘lsangiz o‘zingiz bilan savatcha olib oling. Shunda ko‘proq kaloriya sarflaysiz va yelkangiz uchun mashq ham tashkil qilgan bo‘lasiz. Agar do‘konga piyoda boradigan bo‘lsangiz, ikkita paket oling va xarid qilgan mahsulotlaringizni ularga teng taqsimlang, bu ikkala qo‘lingizga ham teng miqdorda yuklanish bo‘ladi.

5. Mashinangiz uchun to‘xtash joyini uzoqroqdan tanlang

Odamlar odatda mashinalarini iloji boricha uylariga, savdo markazi yoki idoraga yaqin bo‘lgan joyda to‘xtatishga urinadilar. Bunday qilmang: yurish — sizning eng yaxshi hamrohingiz, esingizdami?

Mashinani 100 metr uzoqda qoldiring. Shunday qilsangiz, sayr qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz, mashina uchun munosib joy qidirishga ketadigan vaqtni tejaysiz va kutilmaganda avtoulovingizga jarohat yetkazib ketishlarining oldini olasiz.

6. Harakatli o‘yinlarni o‘ynab turing

Farzandlaringiz bo‘lsa demak sizda jismoniy jihatdan faol bo‘lish uchun doim imkoniyat topiladi. O‘zingizning katta va jiddiy odam ekaningizni unuting. Bu kimga kerak?

Bolalar bilan o‘ynash va sho‘xlik qilish, qanday ham ajoyib!

Bolalar bilan quvlashmachoq o‘ynang, kim o‘zarga yuguring, qishda qorbo‘ron o‘ynang, birga qor odam yasashga kirishing, turli musobaqalar uyushtiring, ular bilan asfalt yoriqlaridan va piyodalar yo‘lkasidagi chiroyli yotqizilgan toshlar ustidan sakrab o‘ting.

Ushbu maslahat uyida it boqadigan kishilarga ham tegishli. Jonivor ham egasining divanga yotib olib telefon o‘ynash o‘rniga u bilan o‘ynatyotganidan xursand bo‘ladi.

7. Maxsus eslatmalardan foydalaning

Baʼzi fitnes brasletlar ko‘p vaqt harakatsiz qolib ketganingizni eslatuvchi funksiyaga ega bo‘ladi. Undan foydalanishingiz yoki shunchaki har 30–60 daqiqa uchun soatga bildirgich o‘rnatishingiz mumkin. Tanaffus vaqtida suv olish uchun kuler yoki kofe tayyorlash qurilmasining oldiga boring, derazadan tashqarini kuzating yoki ish joyingizning o‘zida biroz chigal yozdi mashqlarini bajaring.

8. Raqs tushing

Odatda insonlar jismoniy mashg‘ulotlarni bajarishga o‘zlarini majburlaganliklari uchun ham ularni unchalik xushlamaydilar. Ish kunining oxirgi qismida asab tizimingiz yaxshi holatda bo‘lmagan va iroda kuchingiz zaiflashgan bir paytda sport haqidagi fikr sizni faqat mayus kulimsirashga majbur qiladi.

Ammo raqs butunlay boshqa mavzu. Xoreografiya kurslari haqida unuting, o‘zingizning raqsga oid qobiliyatingiz haqida, tashqaridan qanday ko‘rinishingiz to‘g‘risida o‘ylamang, tamom!

Quloqchin taqib oling va o‘zingiz sevgan musiqani sozlang, keyin esa harakatlaringizga erk bering, tanangiz o‘zi istagandek harakat qilsin. Aksariyat odamlar boshqalarning oldida, hatto o‘z yaqinlari bo‘lsa ham raqs tushishga tortinadilar. Siz hatto idorada yoki bekatda raqs tushsangiz ham hech kim tez yordamga qo‘ng‘iroq qilmaydi. Bu isbotlangan. Baribir o‘zingizni noqulay his qiladigan bo‘lsangiz, hech kim ko‘rmayotgan vaqtda uyingizda raqs tushing. Natijada ajoyib kardioyuklamaga ega bo‘lasiz, stressdan qutulasiz va ijobiy hislar qurshovida qolasiz.

9. Ish joyingizda ham harakatda bo‘ling

Uzoq vaqt o‘tirib ishlash sog‘liq uchun xavfli ekanligi aniqlangach, turib ishlash uchun maxsus stollar paydo bo‘ldi. Ammo bunday holat qon bosimini pasaytirishi va orqa hamda bo‘yindagi og‘riqlarni yengillashtirishiga qaramay, biz uni jismoniy faollik deya olmaymiz. Chunki turgan holatda ishlash ozishga, mushaklarni mustahkamlashga yoki gavdani to‘g‘rilashga yordam bera olmaydi.

Turib ishlagan holatingizda, o‘tirib ishlashga nisbatan 8 kkal ko‘proq quvvat sarflaysiz. 10 daqiqa davomida piyoda yursangiz, 3 soat turib ishlash natijasida sarflash mumkin bo‘lgan kaloriyani sarflashingiz mumkin, buning ustiga yurish yurak uchun ham foydali mashg‘ulotdir.

Agar siz gavdani to‘g‘ri tutish to‘g‘risida qayg‘urayotgan bo‘lsangiz, ish joyingizda biroz chigal yozdi mashqlarini bajarib turing. Sodda mashqlar qon yaxshi aylanishiga, ko‘p o‘tirganingiz tufayli qotib qolgan mushaklar ishlashiga va salbiy o‘zgarishlarni oldini olishga yordam beradi.

10. Har doim biron nimani kutayotganingizda faol bo‘lishga harakat qiling

Reklama roliklari, telefon qo‘ng‘irog‘ining javobini kutish, yangiliklarni joriy qilish — bularga ketadigan so‘ngsizdek ko‘ringan daqiqalarni tanangiz uchun foydali ishlarga sarflashingiz mumkin.

O‘zingizning tana vazningizdan kelib chiqqan holda mashqlar bajaring, masalan, 10 marta «otjimaniya» bajaring, 20 marta o‘tirib turing va 30 soniya planka mashqini bajaring. O‘zingiz bilan bellashing: reklama tugaguniga qadar mashqni necha marta bajara olasiz? Buni sinab ko‘ring.

Hammasini birdan boshlamang — avvaliga bir yoki ikkita tavsiyaga amal qiling. Keyin ularni odatga aylantiring, so‘ng navbatdagi harakatga o‘ting. Jismoniy faollik hayotingizning ajralmas bo‘lagiga aylanguniga qadar shunday davom eting.

Manba: lifehacker.ru

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.