Uy uchun yugurish yo’lakchasi qanday tanlanadi?

Total
0
Shares

Sport zalda va uyda fitnes bilan shug‘ullanish bir-biriga xalaqit qilmaydi, aksincha, bir-birini to‘ldiradi. Ayniqsa, agar uyda to‘liq mashg‘ulot olib borish uchun kerakli sharoitlar mavjud bo‘lsa. Bunday sharoitni tashkil qilish yo‘llaridan biri uy uchun kerakli fitnes anjomlarni to‘g‘ri tanlashdir. Bu hatto xonani trenajyor — yugurish yo‘lakchasi bilan jihozlash ham bo‘lishi mumkin.

Uyingiz uchun yugurish yo‘lakchasi tanlar ekansiz bunday trenajyorlar qanday turlarga ega ekanligi va ularning bir-biridan qanday farqi borligini bilib olish lozim. Bunday trenajyorlarning asosiy ikki turi bo‘lib, ular mexanik va elektron bo‘ladi.

«Bu ikki turdan birini tanlashda ko‘pincha ularning qay biri tabiiy yurish va yugurish harakatlarining biomexanikasini takrorlashda qo‘l kelishi mumkinligi eʼtiborga olinadi, — deydi World Class klubidagi trenajyor zali nazoratchisi Pavel Bikov. — Na mexanik, na elektron yugurish yo‘lakchasi ko‘chadagi kabi harakatlanishga imkon bermaydi. Bunga, masalan, elektron yo‘lakchada yuqoriga ko‘tarilish harakati qo‘shilgani uchun ham shunday sharoit paydo bo‘ladi, deb hisoblanadi. Aslida esa biz yurish yoki yugurishda biroz egilishning qo‘shilishi va bu bilan og‘irlikning ortishi hisobiga holatimizni o‘zgartiramiz. Ichkariga bukilgan mexanik yo‘lakchada ham biz ko‘tarilayotgandek bo‘lamiz, bu esa qo‘shimcha og‘irlikni ortishiga sabab bo‘ladi, ammo harakatlarimizni tabiiy bo‘lishiga taʼsir ko‘rsatmaydi”.

Shunday qilib, bilib olishimiz kerakki, yugurish yo‘lakchasida harakatlanish — mexanik turida ham, elektron turida ham — ko‘chadagi yugurish yoki yurishning o‘rinini bosolmaydi. Ushbu trenajyorlar uy sharoitida jismoniy faol bo‘lishga imkon beradi va ularning ikkisida ham o‘ziga xos afzal jihatlar mavjud.

Mexanik yugurish yo‘lakchasi yaxshimi yoki elektron yo‘lakcha?

Mexanik yugurish yo‘lakchasining o‘ziga xosligi shundaki, uning yo’lakchasi trenajyorda harakatlanayotgan odamning yurishi yoki yugurish hisobiga harakatga keladi. Bu bir vaqtning o‘zida ham afzallik, ham kamchilik bo‘lishi mumkin. Bu o‘ziga shunday yugurish yo‘lakchasini tanlagan kishining tayyorgarlik darajasiga bog‘liq bo‘ladi, chunki, bu yo‘lakcha inson harakati asosidagi yuklamaga sabab bo‘ladi.

«Mexanik yugurish yo‘lakchasini o‘ziga moslashtirish biroz murakkabroq, — deydi Pavel Bikov. — Ushbu trenajyor elektron yo‘lakchada bo‘lgani kabi yuklamani aniq belgilash imkonini bermaydi. Gilamchadagi bukilishni unda shug‘ullanadigan odamning mushak tizimi tayyorgarligiga mos ravishda o‘zgartirish imkoniyati mavjud emas: bunda yurish yoki egilmasdan yugurish kabi holatlardagidan ko‘ra ko‘proq kuch sarflash talab etiladi. Agar tayyorgarlik darajasi yuqori bo‘lmasa, bunday trenajyorda harakatlanish, ayniqsa yugurish qiyin bo‘ladi. Uning boshqa kamchiliklari ham bor: aksariyat hollarda mexanik yugurish yo‘lakchasida yugurish mashg‘ulotlarida muhim bo‘lgan puls o‘zgarishini o‘lchash funksiyasi mavjud bo‘lmaydi”.

Mexanik yugurish yo‘lakchasi elektr tokisiz ishlaydi, shuning uchun ham uni uyingizning istalgan yeriga o‘rnatishingiz mumkin bo‘ladi.

«Elektron yugurish yo‘lakchalariga bo‘lgan talab yuqoriroq. Bunday yo‘lakchalarning bir necha xili mavjud; o‘z ehtiyoj va xususiyatlaringizdan kelib chiqib sizga mos keladigan trenajyorni tanlashingiz mumkin bo‘ladi. Sportchilar va salomatlik uchun fitnes bilan shug‘ullanadigan havaskorlar ham o‘zlariga munosib elektron yugurish yo‘lakchasini topishlari mumkin”.

Tanlovdagi asosiy jihatlar

• Yo’lakcha uzunligi

«Sport zallari uchun mo‘ljallangan yugurish yo‘lakchalaridan ko‘ra uy uchun mo‘ljallangan yugurish yo‘lakchalari ixchamroq bo‘ladi. Siz shug‘ullanishingiz uchun qulay bo‘ladigan uzunlik va kenglikka ega gilamchani tanlashingiz mumkin.

Gilamcha uzunligi unda shug‘ullanadigan odamning bo‘yiga va uning qadam uzunligiga mos kelishi kerak. Bundan tashqari, yuqori tezlikda shug‘ullanishni rejalashtirgan odamlar uchun gilamchaning uzunroq bo‘lganini tanlash maqsadga muvofiq».

• Quvvat

«Yo‘lakchaning quvvatiga qarab unda yurish yoki yugurish tezligi belgilanadi. Avvalo asosiy maqsadingizni aniqlashtirib oling: sport zalga borish imkoniyati bo‘lmagan kunlaringizda jismoniy faollikni to‘xtatmaslik uchun shug‘ullanasizmi? Yoki maksimal ko‘rsatkichlarda yugurishni istaysizmi?

Uy uchun eng munosib tanlov — ikkita-to‘rtta ot kuchiga teng dvigatelga ega yugurish yo‘lakchasini sotib olishdir. Fitnes-klublarda beshta va undan ko‘p ot kuchiga teng dvigatelga ega yugurish yo‘lakchalaridan foydalaniladi.

Aytgancha, yo‘lakchaning motori qanchalik kuchli bo‘lsa, uning xizmat qilish muddati ham uzoqroq bo‘ladi. Sizda “zaxira” quvvat bo‘lgani yaxshi. Agar siz yo‘lakchada erishishingiz mumkin bo‘lgan ko‘rsatkich soatiga 6 km bo‘lsa va siz hamisha shu tezlikda harakat qilsangiz yo‘lakchaning charchashi ham tezroq sodir bo‘ladi».

• Cheklov

«Uy uchun mo‘ljallangan yugurish yo‘lakchalarida doimo shug‘ullanuvchi uchun vazn cheklovi bo‘lishini unutmang. Bu masalan, 90 kg bo‘lishi mumkin. Shuning uchun avvaldan yo‘lakchadan faqat o‘zingiz foydalanasizmi yoki oila aʼzolaringiz ham shug‘ullanadilarmi, shuni aniqlashtirib oling».

• Amortizatsiya

«Yo‘lakchaning amortizatsion tizimi sog‘lig‘i sababli zarb yuklanishini va harakatdagi vertikal tebranishni kamaytirish zarur bo‘lgan insonlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Amortizatsiyasi prujinaga bog‘liq bo‘lgan yo‘lakchani tanlamagan maʼqul, ular harakatni yumshatmaydi, aksincha, unga qarama-qarshi taʼsir ko‘rsatadi».

• Funksiyalar

«Elektron yugurish yo‘lakchalarining muhim afzalliklaridan biri shuki, ularning ko‘rsatkichlarini o‘zingiz istagandek boshqarishingiz mumkin. Masalan, siz yuklamani kamaytirish yoki ko‘paytirish uchun yo’lakcha bukilishini o‘zgartirishingiz mumkin. Odatda mashg‘ulotning intensivligi ortishi uchun 5% lik bukilish yetarli bo‘ladi.

Elektron yugurish yo‘lakchalarining aksariyati turli maqsadlardagi (masalan, yog‘larni eritish) dasturlar bilan jihozlangan bo‘ladi. Yana ularning barchasida pulsni o‘lchovchi datchiklar bo‘ladi. Sizning yurak ritmini o‘lchovchi vositangiz (ko‘krak pulsometri yoki soat-trekerlar) tanlangan yo‘lakchangizdagi dastur bilan bog‘lana olishini tekshirib ko‘ring.

Yurish mobaynida datchiklar tutqichlaridan ushlab olmaslik kerak; ko‘pchilik shu xatoni takrorlaydi. Bu tayanch-harakatlanish tizimining ortiqcha yuklanishiga sabab bo‘ladi, bunday holatda yurish biomexanik harakatni o‘zgartirgani uchun ham beldan jarohatlanishga olib kelishi mumkin. Vaqti-vaqti bilan datchik orqali YUQCH (yurak qisqarishlari chastotasi) ko‘rsatkichini tekshirib turish mumkin, ammo doimiy tarzda tutqichlarga tayanib harakat qilish xavfli bo‘lishi mumkin».

Yugurish yo‘lakchasini qayerga qo‘ygan maʼqul?

• Yo‘lakchani tekis yuzaga joylashtirish lozim, aks holda tebranishlar qurilmaning motori tez buzilishiga sabab bo‘ladi. Agar qurilma tebranib turadigan bo‘lsa, unda harakatlanayotgan vaqtingiz qadamlaringiz simmetrik bo‘lmaydi, bu esa oyoqlarga tushadigan bosimning notekis bo‘lishiga olib keladi. Bu esa salomatlik uchun xavfli.

• Yo‘lakcha o‘rnatilgan joyda havo aylanib turishi kerak. Ko‘pincha insonlar tezroq ozish maqsadida issiq sharoitlarda mashq qilmoqchi bo‘ladilar. Buning uchun, yaʼni yaxshilab terlash uchun qalin kiyim kiyib oladilar va tanaga toza havoning yetib kelishini to‘sib qo‘yadilar. Lekin bu xato: qattiq terlash natijasida qonning quyuqligi ortadi, puls kuchayadi, yurakning ishlashi qiyinlashadi. Kardio mashg‘ulotlarda o‘zingizni ortiqcha qiynamaganingiz maʼqul. Tanangizning kislorod bilan to‘yinishiga to‘siq bo‘lmang.

• Xonadagi haroratning doimo 18-22°S bo‘lishiga eʼtibor qarating.

Manba: worldclassmag.com

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.