Yugurish uchun dunyodagi 5 ta eng mashhur joylar

Total
1
Shares

Sayohatlar davomida yugurishni sevadigan kishilar oddiy sayyohlardan ko‘ra ko‘proq manzaralarni kashf qiladilar. Bir martalik yugurish davomida yarim kun yurib atrofni tomosha qilgandan ko‘ra ko‘proq diqqatga sazovor joylarni ko‘rish mumkin. Agar sayohatni tonggi 6-7 larda boshlasangiz, kimsasiz ko‘chalarda quyoshning chiqishini kuzatib huzurlanishingiz ham mumkin bo‘ladi.

Biz dunyodagi yugurish uchun eng mashhur bo‘lgan va manzarali joylar ro‘yxatini tuzib chiqdik. Dunyo bo‘ylab o‘zi uchun yangi mamlakat va shaharlarni kashf qilishni istaydigan yugurishni sevuvchi insonlar ushbu ro‘yxatdan foydalanishlari mumkin.

Amsterdam

Amstel Park / Arthena

Gollandiya poytaxtini velosipedlar shahri deb atash mumkin (besh yillar avval Amsterdamda velosipedlar mashinalarga nisbatan 4 barobar ko‘p edi), ammo bu yerda ham boshqa joylarda bo‘lgani kabi ikki g‘ildirakli “yordamchidan” voz kechish majburiy bo‘lgan hududlar mavjud. Bu esa Amstel daryosi qirg‘og‘idan Amstel-park va keng Rembrandt xiyobonida yugurishlari mumkin bo‘lgan ishqibozlarga qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi. Amsterdam marafonining maʼlum qismi Vondelpark (Pikasso haykalidan tortib uchib yuruvchi to‘tiqushlargacha ajoyib manzaraga ega bo‘lgan bog‘) xiyoboni hududidan o‘tadi.

Bir yugurib chiqish bilan butun Amsterdamni ko‘zdan kechirishni istagan yuguruvchi-sayyohlar maxsus ekskursiyani, masalan, Tourist Run Amsterdam ni tanlashlari mumkin. Ushbu ekskursiya davomida taklif qilinadigan yo‘nalishlarning birida Dam maydonini, ikki tomonida ertakmonand uylar joylashgan Singel kanalini, faqat velosipedda va piyoda harakatlanish mumkin bo‘lgan ingichka ko‘prikni va boshqa diqqatga sazovor joylarni ko‘rish mumkin.

Stokgolm

Stogkolm / ruturisto.ru

Shvetsiya poytaxti bo‘ylab yugurish bilan shug‘ullanar ekansiz, sizda ajoyib taassurotlar paydo bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda shaharning tarixiy markazni o‘rab turuvchi 14 orol bo‘ylab joylashgani sizni xayratda qoldiradi. Qirg‘oqlar va ko‘priklar orqali ushbu orollarni kezar ekansiz, shaharning bir qismini “ichkaridan” boshqa qismini esa narigi qirg‘oqdagi go‘zal manzara sifatida tomosha qilish imkoniga ega bo‘lasiz.

Yugurish davomida chiroyli manzaralarni ko‘zdan kechirishni istagan insonlarni Syodermalm oroli o‘ziga jalb qiladi. Ushbu orol tepaliklardan iborat bo‘lib, har qadamda ko‘tarilish yoki pastlashga to‘g‘ri keladi, yana u yerda ko‘plab zinalar ham mavjud. Orolda harakatlanish ko‘p kaloriya sarflashga majbur qiladi, ammo qiyinchiliklarni yengib o‘tish yoqimli bo‘ladi. Siz tarixiy binolar qad rostlagan tosh yotqizilgan shinam ko‘chalardan yugurib borib tepalikka chiqsangiz Qirollik orolini ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan maydonga chiqishingiz mumkin.

Mahalliy odamlar yuguradigan joyda yugurishni istaysizmi? U holda Yurgordenga borishingiz kerak bo‘ladi. Bu yerda shahar aholisi velosiped uchadilar, skandinaviyancha yurish bilan shug‘ullanadilar va sayr qiladilar. Yurgorden nomi “jonivorlar makoni” deb tarjima qilinadi (bu o‘rmonlarga boy “yashil hududdir”); shuningdek, bu yerni “muzey orol” deb ham atashadi. Shahar atrofini yugurib chiqish uchun taxminan 10 km masofani bosib o‘tishga to‘g‘ri keladi, agar ichkariroq kiradigan bo‘lsangiz, ajoyib tabiat manzarasi bilan birga qadimiy Shimoliy muzey binosini, Voldemarsuddagi galereyani, shuningdek, ochiq osmon ostidagi Skansen muzeyi xarobalarini ham ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

San-Fransisko

San Fransisco / curbed.com

Agar siz San-Fransiskoda bo‘lsangiz va tong vaqtida biroz yugurishdan erinmasangiz, eng to‘yimli amerikancha tushlik yoki kechki ovqat sizga ortiqcha muammo tug‘dirmaydi. San-Fransisko to‘lqinsimon ko‘chalardan iborat 40 ta tepalikda joylashgan shahar bo‘lib, unda harakatlanish amerikancha poyezd yo‘li arg‘amchisida uchishni yodga soladi. Doimiy ravishda ko‘tarilish va pastga tushish yuguruvchilar uchun qo‘shimcha qiyinchilik tug‘diradi. Shunga qaramay, Kaliforniyaning hamma joyida bo‘lgani kabi, San-Fransisko bo‘ylab yugurish ham hamisha ishqibozlarni o‘ziga jalb qiladi. Mahalliy yuguruvchilar ham zerikmaydigan yo‘nalishlardan biri qirg‘oqbo‘yi Embarkaderodan boshlanadi. Ko‘rfaz bo‘ylab harakatlanar ekansiz, Alkatras suvlari o‘rab turgan 39 dengiz sheriga ega mashhur Pirsni ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi, nigohingizni boshqa tomonga qaratsangiz, tepaliklardan iborat shahar manzarasini tomosha qilasiz. Yo‘nalishni shahar tomonga bursangiz, sizni Krissi Fild xiyoboniga olib chiqadigan ko‘chaga o‘tasiz va yana qirg‘oq chizig‘iga chiqib borasiz. Bu yerda esa sizni “Oltin darvoza”ning muhtasham manzarasi hayratga soladi.

Lissabon

Lissabon / incomatour.com

“Oltin darvoza” go‘zalligini ko‘rish uchungina ummon ortidagi qitʼaning narigi chetiga borish uchun hozir emasmisiz? Shunga o‘xshashini Lissabonda ham topish mumkin. Bunisi ham yugurish bilan bog‘liq: 25 aprelda anʼanaviy bahoriy marafon (EDP Meia Maratona) xuddi shu yerdan boshlanadi. Ushbu marafon yo‘nalishi Vasko da Gama nomidagi ko‘prikdan o‘tadi. Ushbu ko‘prik ham ajoyib manzaraga ega (u Yevropadagi eng uzun ko‘priklardan biri hisoblanadi, uning uzunligi 17,2 kmni tashkil qiladi). Ularning ikkisi ham piyodalar uchun yopiq bo‘lgani uchun, yugurish ushbu ko‘priklardagi manzaradan bahramand bo‘lishning chegaralangan imkoniyatlaridan biri sanaladi. Xorijda bo‘lib o‘tadigan yugurish musobaqalarida ishtirok etishni istaydiganlar albatta Lissabonga tashrif buyurishlari kerak.

Bu yerga sayohat maqsadida kelgan insonlar uchun ham yugurish mumkin bo‘lgan joylar topiladi. Qadimiy markazni olomon ishtirokisiz bemalol tomosha qilmoqchi bo‘lsangiz, ertalabki mashg‘ulot uchun 1755 yildagi zilziladan keyin qayta qurilgan Bayshani tanlaganingiz maʼqul. Bu yerda mashhur Prasa-du-Komersiu maydoni joylashgan. U yerdan sohil bo‘yiga chiqishingiz va yo‘lingizni narigi qirg‘oqdagi mashhur ko‘priklarni tomosha qilgan holda davom ettirishingiz mumkin bo‘ladi. Shahar ko‘chalari bo‘ylab yugurishdan zerikgan bo‘lsangiz va yashil olam bag‘irida yugurmoqchi bo‘lsangiz, Monsantu tabiat bog‘iga yo‘l olishingiz mumkin. Bu yerdan yugurib Miradouru Altu da Serafina maydoniga chiqishingiz va 25 aprelda yugurish musobaqasi bo‘ladigan ko‘prik va shahar manzarasidan bahramand bo‘lishingiz mumkin.

Tokyo

Tokio / teahub.io

Yugurish bilan Tokyoning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilishni birgalikda olib bormoqchi bo‘lsangiz bu sizga qiyin bo‘lmaydi. Aksincha bu yoqimli mashg‘ulot bo‘ladi. Kunduzi va oqshom paytlari shahar gavjum va shovqin-suron bo‘ladi. Shuning uchun ham yugurish uchun sokin tong vaqtini tanlaganingiz maʼqul. Odatda sportchilarga Imperator saroyi atrofidan o‘tadigan 5 km masofali yo‘nalishni tanlash tavsiya qilinadi; bu yerda yuguruvchilar vaqtni va bosib o‘tgan masofani hisoblashlariga yordam beradigan maxsus belgilar mavjud. Agar uzoqroq masofaga yugurishni istasangiz, ushbu yo‘nalishga Akasaka saroyiga olib boruvchi yo‘lni ham qo‘shishingiz mumkin. Tabiatni sevuvchilar Yoyogi va Koganei bog‘larida shuningdek, Meguro daryosining qirg‘og‘ida yugurishlari mumkin. Tabiat manzaralaridan to‘liq bahramand bo‘lish uchun Tokioga bahorda sakura daraxti gullagan mavsumda tashrif buyurganingiz maʼqul.

Manba: worldclassmag.com

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.