Zumba nima va uning yordamida qanday qilib ozish mumkin

Total
0
Shares

Mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishni istamaydiganlar uchun oson vazn tashlash usuli.

Zumba nima?

Zumba — guruh asosidagi fitnes dastur bo‘lib, oddiy aerobik harakatlar lotin amerikasi raqslari, xip xop va qorin raqsiga oid baʼzi jihatlarni o‘zida jamlaydi. Mashg‘ulotlar salsa, rumba, merenga, flamenko va boshqa raqs yo‘nalishlarining harakatlari asosida bajariladi. Zumba mashg‘uloti raqs kechasiga o‘xshaydi — yorqin, serharakat va vazn tashlashga qaratilgan boshqa odatiy mashg‘ulotlardan farqli.

Anʼanaviy Zumba bilan birgalikda fitnes dasturning yana to‘qqiz yo‘nalishi mavjud — basseynda olib boriladigan Aqua Zumba® dan boshlab tananing tepa qismiga qo‘shimcha yuklama beradigan gantellar bilan amalga oshiriladigan Zumba® Toning mashg‘ulotlarigacha.

Shuningdek 0–3 yoshgacha bo‘lgan bolajonlarga mo‘ljallangan Zumbini™ hamda mashg‘ulotlarda yaxshilab ishlash uchun musiqa ostida raqs elementlari bilan birga kardiomashqlarni ham amalga oshirishni istaganlar uchun STRONG by Zumba® treninglari ham mavjud.

Zumba yordamida qancha muddatda ozish mumkin?

Zumba yuqori va quyi intensivlikdagi raqs harakatlari ketma–ketligidan iborat interval mashg‘ulotdir. Jarayon davomida dam olish talab qilinmaydi va siz 40–50 daqiqalik mashg‘ulotda yuqori puls bilan harakatlanishingiz mumkin bo‘ladi.

Bir mashg‘ulot davomida 369 kkal sarflashingiz mumkin bo‘ladi. Agar haftasiga besh kun shug‘ullansangiz kaloriya va ozuqalarni kamaytirmasdan ham 3–4 haftada bir kilogramm yog‘dan xalos bo‘lishingiz mumkin. Yengilroq parhez bilan birga olib borsangiz bu natijaga 1,5–2 haftada ham erisha olasiz.

Bundan tashqari, yugurish yoki boshqa kardio mashqlardan farqli ravishda yorqin raqs ritmi va musiqa sadosi ostidagi harakatlardan rohatlanish sarflanadigan kuch miqdorini kamaytiradi.

Boshqacha aytganda, siz terlaysiz va tez tez nafas olasiz, ammo bunda toliqib qolmaysiz.

Zumba faollik sizning hayotingizni bir qismi bo‘lishiga yordam beradi, bu esa tanadagi yog‘ foizini kamaytirish uchun foydalidir.

Zumbaning vazn tashlash bilan birga yana qanday foydalari bor?

Raqs harakatlari davomida puls yurak qisqarishlarining maksimal chastotasi yuqori nuqtalarida, yaʼni 64–94% orasida bo‘ladi va o‘rtacha 79% ni tashkil qiladi. Bu yurak qon tomir tizimining ishlashi uchun yetarli bo‘ladi va organizmning chidamlilik darajasini yaxshilaydi.

Bundan tashqari, Zumba tana mushaklarini mustahkamlaydi. Ko‘plab raqs qadamlari va harakatlari qorin uchun yaxshi mashq bo‘ladi. Sakrash va oyoq bilan pastlash harakatlari esa bo‘ksa va dumba qismi uchun foyda beradi. Anʼanaviy Zumba tananing yuqori qismiga ortiqcha yuklama bermaydi. Agar qo‘l, ko‘krak va gavdaning orqa qismi uchun mashq qilmoqchi bo‘lsangiz gantellar yordamida turli harakatlarni bajarishingiz mumkin.

Shuningdek, Zumba qayishqoqlik va koordinatsiya uchun foydalidir, u tanani yana-da abjir va harakatchan bo‘lishiga yordam beradi.

Raqs tushishni bilmaydiganlar Zumba bilan shug‘ullana oladilarmi

Zumba xoreografiyasi raqs yo‘nalishining asosiy harakatlarini o‘z ichiga oladi va hech qanday raqs harakatini yoki sport bo‘yicha ko‘nikmaga ega bo‘lishni talab qilmaydi.

Har qanday harakatni bir necha daqiqada o‘rganib olish mumkin, kombinatsiyalar esa bir necha marta takrorlanadi, shuning uchun ularni eslab qolish unchalik ham qiyin bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, har qanday raqs oqshomi kabi Zumba ham zamonaviy yo‘nalishning qatʼiy qoidalaridan holidir. Asosiy harakatlar doirasida siz o‘zingiz xohlagan harakatlarni qo‘shishingiz ham mumkin.

Asosiysi — faol harakatlanish va jarayondan zavqlanishdir.

Zumba bilan shug‘ullanish kimlarga mumkin emas?

Zumba shug‘ullanishning intensiv usuli bo‘lgani uchun homiladorlik paytida biroz ehtiyot bo‘lish lozim. Mashg‘ulotlar boshlanishidan avval shifokoringiz bilan maslahatlashing va holatingiz haqida murabbiyga maʼlum qiling.

Shuningdek, tizzada va orqangizda og‘riq bo‘lsa, artrit va boshqa bo‘g‘im hamda umurtqa kasalliklaridan aziyat cheksangiz bu haqda instruktorga ayting. Zumbadagi baʼzi kombinatsiyalarda keskin va intensiv harakatlar mavjud bo‘lib, bular sizdagi mavjud muammolarni yana-da chuqurlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Agar sizda diabet bo‘lsa, noodatiy jismoniy faollik sabab qondagi shakar miqdori keskin tushib ketishi mumkin. Dastlabki mashg‘ulotga borishdan avval shifokoringiz bilan maslahatlashing.

Shuningdek, yurak qon tomir kasalliklarida ham intensiv raqsga ehtiyotkorlik bilan kirishganingiz maʼqul. Bunda ham shug‘ullanishni boshlashdan avval kardiolog huzuriga boring.

Zumba bilan qancha muddatda shug‘ullanish mumkin?

Anʼanaviy Zumba kuch talab qiladigan harakatlarga ega emasligi va mushaklarni hamda markaziy asab tizimini toliqtirib qo‘ymaganligi uchun har kuni shug‘ullansangiz ham bo‘ladi. Shunda ortiqcha vazndan ertaroq xalos bo‘lishingiz va chidamlilikni oshirishingiz mumkin bo‘ladi.

Zumba bilan shug‘ullanish uchun nimalar kerak bo‘ladi?

Avvalo o‘z shahringizda Zumba bo‘yicha guvohnomaga ega bo‘lgan instruktorni toping.

Zumba® savdo belgisining egasi (Zumba Fitness LSS kompaniyasi) mazkur yo‘nalish bo‘yicha dastur va xoreografiyani ishlab chiqadi, musiqa tanlaydi, instruktorlarni tayyorlaydi va ularga guvohnoma beradi.

Murabbiylar guvohnomasini zumba.com sayti orqali tekshirish mumkin. Shunday murabbiyni toping va uning mashg‘ulotlariga tashrif buyuring. Agar uyda shug‘ullanishni istasangiz, bunda sizga Zumba Fitness LSS kompaniyasining maxsus DVD disklari yordam berishi mumkin. Mashg‘ulotlar yozib olingan disklar rasmiy sayt orqali, shuningdek, Amazon orqali sotiladi.

Shug‘ullanish uchun sizga bemalol harakat qilish mumkin bo‘lgan keng joy, qulay kiyim va sport poyabzali kerak bo‘ladi.

Zumba bilan shug‘ullanishni to‘lovlarsiz boshlash mumkinmi?

Zumba uchun texnika bo‘yicha batafsil maʼlumot zarur emas va unda murakkab harakatlar ham yo‘q, shunday ekan siz uning kombinatsiyalarini YouTube saytidagi videolar orqali ham o‘rganishingiz mumkin. Tezlikni 0,25 ga o‘zgartirish imkoniyati mavjudligi tufayli har bir elementni diqqat bilar ko‘rib chiqishingiz mumkin bo‘ladi.

Manba: lifehacker.ru

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.